Illyustrativ surat
Qarorga koʻra, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida 30–65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (roʻyxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy koʻrikka taklif qilish tizimi yaratiladi.
Har yili 30–50 yoshdagi ayollarda bachadon boʻyni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
30–65 yoshdagi ayollar har 2-yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan oʻtkaziladi.
Skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bogʻliq xarajatlar byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab:
- onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor hamda mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar shtatlari joriy etiladi;
- Mammografiya tasvirini oʻqish markazi tashkil etiladi;
- odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qoʻllanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish boʻyicha referens-laboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
- bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi.
2025-yil 1-mayga qadar:
- bachadon boʻyni saratoni skriningi va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish tizimi;
- skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimi joriy etiladi.