— Bugungi kunda nufuzli xorij muassasalari bilan 22 ta xalqaro memorandum imzolaganmiz, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov. — Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda 250 nafardan ortiq yosh mutaxassislarimiz ushbu klinikalarda malaka oshirib qaytdi.
2022 yil ilk bor 100 nafar og‘ir bemorga xorijiy mutaxassislar tomonidan teletibbiyot orqali maslahatlar berilib, ularni mamlakatimizda davolash imkoni yaratildi.
Mahalliy teletibbiyot orqali esa 894 ta maslahat, 36 ta konsilium o‘tkazildi.
Natijada 845 nafar bemorga yashash joyida davolanish imkoniyati yaratildi.
Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 3 barobar ko‘p.
O‘tgan davrda muassasamizda nur terapiya uskunalari 5 tadan 27 taga yetkazildi.
Kimyoviy dori vositalari ta’minoti 10-12 foizdan 90-95 foizga yaxshilandi.
Markaz va uning barcha hududiy filiallarida immunogistoximik laboratoriyalar tashkil etildi.
Ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash maqsadida har bir hudud mobil mammograf avtomobillari bilan ta’minlanib, skrining ishlari olib borilmoqda.