Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan “Onlayn mahalla” elektron platformasi uchun tender oʻtkazmasdan 8,4 mlrd. soʻm pul mablagʻlari sarflanganligi holati tanqid qilingan materiallar oʻrganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-62-son qaroriga koʻra, hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish va baholab borish imkonini beruvchi hamda tegishli vazirlik va idoralar maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan “Onlayn mahalla” elektron platformasi ishga tushirilishini taʼminlash vazifasi belgilangan.
Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Farmoyishiga muvofiq, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va “REALSOFT” MCHJ bilan 2022-yil 18-may kuni jami 8,4 mlrd soʻmlik qiymatdagi “Onlayn mahalla” platformasini yaratish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma rasmiylashtirilgan.
Agentlik tomonidan shartnoma qiymati bozor tamoyillariga mos tarzda shakllantirilganligini oʻrganish maqsadida mazkur sohada faoliyat yurituvchi 3 ta korxonaga soʻrov yuborildi.
Ushbu korxonalar tomonidan “Onlayn mahalla” platformasi 4,2 -5,1 mlrd. soʻmga yaratib berilishi, shu jumladan, bir yil davomida texnik xizmat koʻrsatib borilishi haqida tijorat takliflari taqdim qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 71-moddasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha davlat xaridlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshirilishi koʻrsatilgan.
Shunga koʻra, “Onlayn mahalla” platformasini yaratish boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridini amalga oshirish jarayonida qonunchilik talablariga toʻliq rioya qilinganligiga, shuningdek, tovarlarni, ishlar va xizmatlar narxlari bozor tamoyillari asosida shakllantirilganligiga qonuniy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi, — deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rasmiy xabarida.
“Onlayn mahalla” elektron platformasi ikki barobar qimmatga yaratilgani aniqlandi