Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi bilan texnologik, iqtisodiy va operatsion jihatdan onlayn ta’limni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yanada ortdi. COVID-19 pandemiyasi tufayli masofaviy ta’limga tez o‘tish onlayn ta’lim xizmatlariga talabning oshishiga olib keldi.
AQSHda magistratura bosqichidagi talabalarning 22 foizga yaqini, bakalavriat bosqichidagi talabalarning 11 foizi onlayn tartibda ta’lim oladi. 2023 yilda onlayn ta’limdan tushadigan daromad 74,80 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Akademik menejerlarning aksariyati (75 foiz) onlayn kurslardagi ta’lim natijasi sinfdagi kurslar natijasi bilan bir xil yoki yaxshiroq ekanligini e’tirof etmoqda.
2021-2026 yillar oralig‘ida Buyuk Britaniyada elektron ta’lim bozorining ulushi 11,57 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Barcha kurs mavzulari video, audio, matn yoki infografikadan iborat kichikroq qismlarga bo‘lingan mikrota’limning tarqalishi Buyuk Britaniyadagi elektron ta’lim bozorining asosiy tendensiyalaridan biri bo‘lib, bozorning o‘sishiga turtki bo‘lmoqda.
Bugungi kunda Coursera va edX kabi ma’lum bir onlayn platformalar mavjud bo‘lib, ular dunyoning 200 dan ortiq yetakchi universitetlari va kompaniyalari bilan hamkorlikda onlayn kurslarni taqdim etadi. Ushbu onlayn platformalar yashayotgan shahridan turib magistr va bakalavr darajasini olish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu platformalar orqali tahsil olayotganlar kampusdagi talabalar bilan bir xil o‘quv dasturidan foydalanish imkoniyatiga ega.
Karantin choralaridan so‘ng O‘zbekistonda onlayn ta’lim tez sur’atlarda takomillasha boshladi. O‘tgan yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta’limni joriy etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagan edi. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalariga masofaviy ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlashga ruxsat berildi. Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning oktyabr oyida Coursera va O‘zbekiston o‘rtasida IT-ta’lim sohasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Platforma 2023 yildan boshlab mavjud bo‘lgan kodlash bo‘yicha 1,2 millionga yaqin bepul kurslarini ajratadi.
Elektron ta’lim quyidagi sabablar tufayli samarali hisoblanadi:
- ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini oshiradi (mehnat bozorida erkaklarning 73,1 foizi ishtirok etadi, bu ko‘rsatkich ayollarda 39,9 foizni tashkil etadi). Shuningdek, oilalar qizlarning ta’lim olishiga o‘g‘il bolalarga qaraganda kamroq mablag‘ ajratadi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 25 yoshdan oshgan aholi orasida bakalavr darajasiga ega erkaklar ulushi 20,8 foizni, ayollar ulushi esa 13,3 foizni tashkil etadi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga oliy ta’lim olish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi;
- mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshiradi;
Tavsiyalar:
- samarali va yaxshi ta’minlangan kampus tarmog‘ini tashkil etish, serverlarni samarali qo‘llab-quvvatlash, talabalarni onlayn ro‘yxatga olish, billing va to‘lov tizimi, onlayn kitob do‘koni va onlayn kutubxona xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;
- an’anaviy va masofaviy ta’lim aralashmasi bo‘lgan gibrid ta’lim shaklini joriy etish, ma’ruzalarni onlayn tarzda o‘tkazish (chunki ular talabalarning o‘zaro ta’siri va faol ishtirokini talab qilmaydi, seminarlar esa an’anaviy o‘qitish shaklida o‘tkazilishi mumkin);
- masofaviy ta’limga kirishda ayollarga imtiyozlar berish;
- o‘rta yoki qo‘shimcha fanlarni onlayn, asosiylarini esa an’anaviy ta’lim shaklida o‘tkazish maqsadga muvofiq.