Buni O'zbekiston YOzuvchilar uyushmasining Xorazm viloyat bo'limi faoliyatida ham ko'rishimiz mumkin. YAqinda uyushmaning viloyat bo'limi tomonidan "Kitob haqidagi eng yaxshi she'r, hikoya, badiiy publitsistika" nomli onlayn tanlov e'lon qilingan edi. Bugungacha 40dan ortiq yurtdoshimiz tanlovda qatnashish istagini bildirishdi. Kitobsevarlarning ishtirok etish borasidagi murojaatlari esa to'xtaganicha yo'q.

Ayni kunlarda viloyatning shahar, tuman va qishloqlaridan onlayn tarzda yuborilayotgan ijodiy ishlar tanlov hay'ati tomonidan ko'rib chiqilmoqda. Belgilangan talablarga mos keladigan she'r va hikoyalar tanlovga qo'yilib, bo'limning telegramdagi rasmiy-axboriy, ma'naviy-ma'rifiy kanali orqali yoritib kelinmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, Ogahiy Ijod maktabining o'quvchilari faollik ko'rsatishmoqda.

– Viloyatlik yosh ijodkorlar, katta shoir va jurnalistlar ham tanlovda o'z ijod namunalari bilan qatnashyapti, – deydi O'zbekiston YOzuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi etakchi mutaxassisi SHoira SHams. –  SHoira Zulfiya Odamboevaning “Kitob – nur” she'ri, jurnalist Muhiddin Navro'zalievning “Rahmat, senga kitobjon!” hikoyasi ana shular jumlasidan.

 Hozirda tanlovga ijodiy ishlarni qabul qilish davom etmoqda.  G'oliblar karantin kunlari yakuniga etgandan so'ng, O'zbekiston YOzuvchilar uyushmasining Xorazm viloyat bo'limi tomonidan taqdirlanadi.

Tanlov tafsilotlari bilan sizlarni tanishtirib boramiz. 

Zulayho AHMADJONOVA,
O'zbekiston YOzuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati bo'limi mutaxassisi