OPEK jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Xalqaro hamkorlik 20 Iyul 2023 1140

    Joriy yil 19-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin hamda O‘zbekiston Respublikasidagi OPEK jamg‘armasi missiyasi vakili hamda OPEK jamg‘armasining davlat sektoridagi operatsiyalar bo‘yicha hududiy menejeri Olga Mixaylova xonim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    OPEK jamg‘armasining 2023-yil 16-iyuldan 23-iyulgacha davom etadigan missiyasining maqsadi O‘zbekistondagi OPEK jamg‘armasining joriy faoliyatini ko‘rib chiqish, shuningdek, davlat sektorida kelgusidagi hamkorlikni muhokama qilishdan iborat.

    Ma’lumot uchun: Islom taraqqiyot bankining «O‘zbekiston Respublikasida ta’lim xizmatlari sifati va samaradorligini oshirish» loyihasi doirasida umumiy qiymati 66,9 million bo‘lib, OPEK jamg‘armasining ishtirokida esa 20 million dollar miqdorida nazarda tutilgan.

    Loyihaning maqsadi – davlat-xususiy sheriklik asosida 200 ta yangi tashkilot qurish orqali nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, maktabgacha yoshdagi bolalarning qamrovini 30 mingta yangi o‘ringa oshirish, shuningdek, 2,5 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

    Uchrashuvda tomonlar OPEK jamg‘armasi ishtirokini ko‘zda tutuvchi Islom taraqqiyot bankining qo‘shma loyihasini amalga oshirishning yakunlangan bosqichlarini, shuningdek, amalga oshirish rejalari va loyihaning operatsion modeli tafsilotlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama etdi.

    Olga Mixaylova xonim mamlakat rahbariyatining maktabgacha yoshdagi bolalar uchun teng sharoit va ta'lim olish imkoniyatini yaratishga intilayotganini ta’kidladi.

    O‘z navbatida, A.Shin qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish yo‘lida Fondning missiyasini tashkil etgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu loyiha doirasida amalga oshiriladigan barcha zarur tadbirlar bo‘yicha kelishuvga erishdilar, deb xabar beradi Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot xizmati.