Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Hududlarda bog‘lar yaratish, yo‘l bo‘ylarida 10 qatordan daraxtlar ekish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Lekin aksariyat viloyat va tumanlarda daraxt ekadigan joylar haligacha belgilanmagan, sug‘orish va ko‘chatga pul ajratilmagan.
Shu bois kecha Vazirlar Mahkamasida bu masala tanqidiy ko‘rib chiqilib, viloyat hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, tizim tashkilotlari rahbarlaridan 28 nafariga intizomiy jazo qo‘llangani qayd etildi.
Bu boradagi ishlar ko‘lami vazirliklar kesimida ham turlicha. Masalan, Mudofaa vazirligi 100 gektar, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi 65 gektardan bog‘ yaratgan. Lekin energetika va transport vazirliklariga ajratilgan yerlarda ko‘chat to‘liq ekilmagan. Avtomobil va temir yo‘l bo‘ylari, daryo va kanal yoqalari, sanoat korxonalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalari atrofida ham qancha joylar bo‘sh yotibdi.
Umuman, daraxt ekishni ommalashtirish bo‘yicha tashabbus va targ‘ibot yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada davlat tashkilotlari bilan birga mahalliy kengashlar, Ekopartiya va boshqa uyushmalar, mahallalar – hamma birdam bo‘lib harakat qilsa, juda ko‘p bog‘lar yaratilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi galdagi vazifalar, yangi tashabbuslar muhokama qilindi.
Yurtimizda daraxt ekib, yashillik yaratishni xohlovchilar ko‘p. Lekin ko‘p qavatli uyda yashaydigan odamlarda yer yo‘q. Bu borada Janubiy Koreya tajribasi asosida Toshkent viloyatida yaxshi tashabbus boshlangan. Unga ko‘ra, tumanlar hududidan yer ajratilib, 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Mahalliy budjet hisobidan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinib, yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish istagi bor aholiga taklif etiladi. Har bir ko‘chat uni ekkan odam nomiga tamg‘alanadi. Daraxtlarni parvarishlash uchun obodonlashtirish boshqarmasi xodimi biriktiriladi.
Davlatimiz rahbari bu tajribani barcha viloyatlarda amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Mamlakatimizda 9 ming 452 ta mahalla bor. Jumladan, shaharlarda 39 mingta ko‘p qavatli uy mavjud. Mahalla faollari, boshqaruv servis kompaniyalari ushbu hududlarda ko‘chatlar ekilishiga bosh-qosh bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Yo‘llar va kanallar bo‘yidagi yerlarni talabgorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida 10 yilga berib, 5 qatordan ko‘chat ektirish tizimi joriy qilingan. Bundan foydalanib, hozirgi mavsumda ham ko‘plab daraxtzorlarga zamin yaratish mumkin.
Yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha Toshkent shahrida ham yaxshi tajriba qo‘llanmoqda. Ya’ni, shaharsozlik kengashi yangi qurilishlar maydonining kamida 30 foiziga daraxt ekish majburiyatini qo‘yib, ko‘chat navigacha belgilab berayapti. Obyekt bu shart bajarilgandan keyingina foydalanishga qabul qilinayapti.
Qurilish vazirligiga bu tartibni barcha hududlarda ommalashtirib, shaharsozlik normalari va litsenziya talablariga daraxt ekish majburiyatini kiritish topshirildi.
Xususan, bu yil topshiriladigan 2,5 mingta ko‘p qavatli uylar hududining 30 foizida, 38 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarining har birida kamida 1 gektardan yashil xiyobonlar tashkil qilinishi belgilandi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga joylarda 444 ta yashil bog‘ va 160 ta jamoat parklari tashkil qilish, “Mening bog‘im” loyihasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilar dala chetlarida, yirik korxonalar va sanoat zonalari atrofida yashil hududlar tashkil qilish rejalari bo‘yicha axborot berdi.
Ijtimoiy muassasalarga ko‘chatlarni bepul yetkazib berish amaliyoti bu yil ham davom ettirilib, ularga jami 4 milliondan ziyod ko‘chat tarqatilishi aytildi.
Yig‘ilishda chiqindilar bilan ishlash tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, endi hududlarda obodonlashtirish, tozalikni ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim bo‘ladi. Har bir viloyatdagi 2 tadan tumanda 1 maydan boshlab, tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalari vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga o‘tkaziladi.
Bunda tadbirkorlar o‘ziga biriktirilgan hududda daraxt va gullar ekish, ularni parvarishlash, ariqlarni tozalash, ko‘chalarni yoritish bilan birga, chiqindilarni olib ketish bilan ham shug‘ullanadi. Obodonlashtirish bo‘limlariga har yili budjetdan ajratiladigan mablag‘lar ham endi ularga yo‘naltiriladi.
Ushbu tajriba o‘zini oqlasa, 2025-yildan barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent shahri uchun alohida tizim bo‘ladi. Poytaxt tumanlaridagi obodonlashtirish boshqarmalarining ko‘chalarni tozalash, ko‘kalamzorlashtirish, yo‘llarga xizmat ko‘rsatish vazifalari 15 apreldan auksion orqali xususiy sheriklarga beriladi.
Chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ham yangi tizim bo‘ladi. Har bir viloyatda joylashuvi qulay bo‘lgan 3-4 tadan poligon maxsus eko-sanoat zonasiga aylantirilib, qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi. Qolganlarida chiqindini vaqtincha to‘plab, qayta yuklaydigan stansiyalar ishga tushadi.
Resursini o‘tab bo‘lgan poligonlar yopiladi. Ularning atrofida terak, tut, gujum, zarang ekib, yashil belbog‘ barpo qilinadi.
Chiqindilarni olib ketish xizmati yaxshi bo‘lishi uchun to‘lov intizomi ham kerak. Shu bois bu borada ham yangi tartib joriy qilinadi. Unga ko‘ra, “mahalla yettiligi”ga hududida aslida ko‘rsatilmagan xizmat bo‘yicha noreal qarzni hisobga olmaslik vakolati beriladi. Bu orqali xizmat ko‘rsatilmagan hudud uchun ham debitor qarzdorlik yozib qo‘yishdek adolatsiz amaliyotga chek qo‘yiladi.
Ko‘p qavatli uylarda aholini chiqindini saralagan holda tashlashga rag‘batlantiradigan tizim joriy etiladi. Buning uchun Ekologiya jamg‘armasi hisobidan maxsus chiqindi qoplari bepul beriladi, aholi chiqindini belgilangan toifaga ajratib, shoxobchaga olib boradi. Tadbirkorlar esa qayta ishlanadigan foydali chiqindini aholidan sotib oladi.
Ushbu tizim birinchi bosqichda Toshkent, Andijon, Buxoro, Termiz, Angren shaharlari va Toshkent tumanida yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.