“Biz kelajakdagi kelishmovchiliklarni kuch yoki cho'zilgan mojarolar yo'li bilan emas, balki diplomatik aloqalar va muzokaralar yo'li bilan hal qilish majburiyatini olamiz”, deyiladi to'rtta davlat yetakchilari imzolagan deklaratsiyada.
Hujjatda, shuningdek, falastinliklar va isroilliklarning xavfsizligi kafolatlangan taqdirda mustahkam tinchlikka erishish mumkinligi ta'kidlangan. Shu bilan birga, imzolagan tomonlar Oq uy tomonidan e'lon qilingan qo'shma deklaratsiyasiga ko'ra, Yaqin Sharq mojarolar va “tinchlik shartlarini tanlab qo'llash” bilan qiynalmasligi kerakligini tan olishadi.
AQSh, Misr, Qatar va Turkiya rahbarlari dushanba kuni Sharm ash-Sheyxdagi sammitda G'azo sektori bo'yicha tinchlik bitimini imzolashdi. AQSh Prezidenti Donald Tramp buni “hayotdagi eng katta va eng murakkab kelishuv” deb atadi. O'z navbatida Misr yetakchisi Abdel Fattoh as-Sisi G'azo kelishuvini tarixiy burilish nuqtasi sifatida baholadi.
Sammitga Misr Prezidenti va uning amerikalik hamkasbi hamraislik qildi. Maqsad G'azo sektoridagi mojaroni bartaraf etish, Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni o'rnatish bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikda yangi sahifa ochishdir. Unda 20 dan ortiq davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirok etmoqda.
O't ochishni to'xtatish
G'azodagi janglar 10-oktabr kuni tushdan keyin to'xtadi. Bungacha HAMAS va Tel-Aviv mojaroga barham berish rejasining birinchi bosqichini amalga oshirishga kelishib olgan edi.
Sentabr oyida Oq uy 20 banddan iborat rejani e'lon qildi. Harakat anklavni boshqarishda ishtirok etmaslikka rozi bo'lishi kerak. Tinch yashashni va qurollarini topshirishni qo'llab-quvvatlovchi a'zolari uchun amnistiya taqdim etiladi. Biroq, Isroil G'azoni ishg'ol qilmasligi yoki qo'shib olmasligi kerak.
HAMAS barcha garovga olinganlarni ozod qilishga va o'lganlarning jasadlarini topshirishga rozi bo'ldi, Tel-Aviv esa kelishilgan chiziqqa o'z qo'shinlarini olib chiqib ketishga va yuzlab falastinliklarni, jumladan terrorizm uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlarni qamoqdan ozod qilishga rozi bo'ldi, deb xabar berdi ria.ru.









