Qolgan 195 ming nafar yoshlar qayerga borishi, ular ertaga ish topa olmasa, kim boʻlishi haqidagi savollarga na viloyat va tuman hokimlari, na soha mutasaddilarida javob yoʻqligi taʼkidlandi.
Oqdaryodagi 32-maktabda tadbirkorlar bilan hamkorlikda oʻquvchilarni kasbga oʻqitish tajribasi yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu maktabda oʻquvchilar 7-sinfdan boshlab mahalla va tumanda talab yuqori boʻlgan veterinar, agronom, meva-sabzavot quritish, ipakchi, mebelchi, avtomobil ustasi kabi 15 ta kasb-hunarga oʻrgatilmoqda, ularga 2 ta chet tili oʻqitilmoqda.
Eng muhimi, bu ishlar mahalliy byudjet va tadbirkorlar hisobidan tashkil qilingan boʻlib, oʻquvchilar bu yerda ish haqi olmoqda.
Barcha viloyatlar maktab taʼlimi boshqarmalari rahbarlari Oqdaryoga borib, bir hafta davomida ushbu tajribani oʻrganishi shartligi taʼkidlandi.
Samarqand viloyati hokimiga keyingi oʻquv yiliga qadar viloyatdagi har bir tumanda 10 tadan maktabda bu tizimni joriy qilish, qolgan viloyat hokimlariga yil yakunigacha har bir tumanda kamida ikkitadan maktabda ushbu tajribani yoʻlga qoʻyish topshirildi.