Prezidentimizning “Maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib boʻlmaydi”, — degan soʻzlar bejiz aytilmagan. Ushbu harakat davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2022-yil 8-avgustda Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Oʻz vaqtida buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy shunday yozgan edi:

“Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun koʻp narsalarga muhtoj boʻladi. U bir oʻzi bunday narsalarni qoʻlga kirita olmaydi. Ularga ega boʻlish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tugʻiladi. Bunday jamoa aʼzolarining faoliyati bir butun holda har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur narsalarni yetkazib beradi“.

Mana shunday jamoa fikrimcha – Respublika Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi qoshidagi “Oqila ayollar harakati”dir. Aytish joizki, Qoʻmitaning boshchiligida ayollar davlatdagi barcha siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Shuni alohida qayd etish joizki, turli tashkilotlar bilan hamkorlikda Respublika Oila va xotin-qizlar qoʻmita mavjud masalalarni yechishda ilmiy va amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda. Xotin-qizlar bilan ishlashda asosiy tamoyil “Ayol – jamiyat tayanchi, taraqqiyot mezoni”dir. Ona baxtli boʻlsa jamiyat baxtli boʻladi. Ayni shundan kelib chiqib bugungi kun ayoli ilmli, global jarayonlardan xabardor boʻlishi, milliy NNT va xalqaro xotin-qizlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilishi, oʻz haq-huquqlarini bilishi, oila salomatligi, ayniqsa, oʻz sogʻligiga eʼtiborli boʻlib, muntazam sport bilan shugʻullanish muhimdir.

Harakat aʼzolari milliy qadriyatlarni saqlab qolishda ota-onaning oʻrni, jamiyatimizga kirib kelayotgan zararli gʻoyalardan ayollar, onalar va bolalarni asrash, kam taʼminlangan, nochor vaziyatga tushib qolgan migrant xotin-qizlarni Vatanga qaytarishda yordam berish kabi muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Respublika anjumanida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova ushbu harakatning obroʻ-eʼtiborli, katta hayotiy tajribaga ega, tom maʼnoda «mahallaning vijdoni«ga aylangan faol aʼzolari oʻtgan vaqt davomida minglab oilalarni mustahkamlashda, yuzlab yurtdoshlarimizning oilalarida tinchlik chirogʻini yoqishda qoʻmitasining faol koʻmakchisiga aylanganini alohida eʼtirof etdi.

Eʼtibor Sultonova,

Siyosiy fanlar doktori, professor,

Respublika Oqila ayollar harakatning aʼzosi,

Toshkent shahar «Olima ayollar« uyushmasi raisi,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Xotin-qizlar maslahat Kengashi raisi.