Birvarakayiga qator nufuzli xalqaro oliy oʻquv yurtlarining talabasi boʻlayotganlar haqida ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez oʻqiyapmiz hamda bunday xushxabarlarni qabul qilishga oʻrganib ketdik. Aslida, shu choʻqqiga yetish uchun uka-singillarimiz oʻzlarini oʻyin-kulgudan tiyib, tinim bilmay ilm xayoli bilan yotib-turganlarini esa his qilavermaymiz. Ha, yuksak marralar sari intilayotgan kelajagimiz egalarining safi tobora ortib borayotgani gʻoyat quvonarli hol.

Namangan shahridagi 34-maktab bitiruvchisi Dovudxon Alijonov tengdoshlaridan iqtidori bilan ajralib turadigan ertamiz bunyodkorlaridan.

Omadi kulgan bilimli yigit bir vaqtning oʻzida 10 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi talabasiga aylanib, hayratlantirdi, havaslantirdi. Endi u Britaniyaning Vestminster, BMU, Essex, Amerikaning Vebster, Hindistonning Sharda, Singapurning MDIST, Koreyaning YODJU, Latviyaning ISMA universitetlari hamda Kembridj xalqaro kollejida oʻqish huquqiga ega.

— Oilada toʻngʻich farzandman, bolaligimdan otamning mehnat faoliyatiga qiziqishim baland. Iqtisod yoʻnalishi sevimli soham, buyuk iqtisodchi boʻlish niyat-maqsadimdir. Maktab davrimda ingliz tilini oʻrgandim, bemalol soʻzlasha olaman. Chet tili darajasi boʻyicha xalqaro sertifikatini qoʻlga kiritgach, matematika fani bilan alohida shugʻullandim. Uydagilar dars tayyorlashim uchun barcha sharoitlarni muhayyo etishgan. Mana, hozir ota-onam, oʻqituvchilarim eʼtibori va izlanishlarim serhosil meva berdi. Bundan keyin ham duogoʻylarimiz va ustozlarimiz ishonchini doimo oqlash harakatida yuraman, - deydi Dovudxon biz bilan onlayn suhbatda.

Darvoqe, qahramonimizdan “Oʻnta xorijiy OTMdan qaysi birini tanladingiz?” deb soʻradik. U Vestminsterning Toshkentdagi filialida oliy tahsilni davom ettirishini, oʻqish joriy yil sentyabr oyining oxirida boshlanishini, ikkinchi yo uchinchi bosqichda Amerikaga amaliyot, ish oʻrganish uchun joʻnatilishini maʼlum qildi. Yana aytishicha, yuqori koʻrsatkichlarni qayd etish oson boʻlmagan. Test va yozma topshiriqlarni bajarish uchun avvallari chet elga borilardi. Endi esa dunyodagi pandemiya tufayli qabul jarayonlari ham optimallashgan.

— Imtihonlarga xonadonimizdan turib, onlayn tarzda axborot texnologiyalari vositasi orqali qatnashdim. Ijobiy jihati, yoʻl haqi uchun mablagʻimiz va vaqtimiz ancha tejaldi. Salbiy tarafi ham kuzatildiki, baʼzilar qiynaldi. Yaʼni kompyuteringizda texnik nosozlik roʻy berishi, aloqa uzilishi, kutilmaganda tashqi taʼsirlar paydo boʻlishi mumkinligi sezilarli xavotirga soldi. Masofiy boʻlgani uchun olisdagi nazoratchilar ozgina ortiqcha harakatingiz va qanaqadir shovqindan shubhalansa, sizni imtihondan chetlatishi aniq edi. Savollarga javoblarni dastlab qogʻozga yozib ishlayotganingiz toʻgʻridan-toʻgʻri videoda aks etishi kerak. Soʻngra uni kompyuter klaviaturalari orqali terib joʻnatishingiz darkor. Har gal harflar, matematik va tinish belgilarini bosish uchun vaqt sarflaysiz, asabiylashishingiz tabiiy. Ammo ruhiyatni ham keskin toblarkan. Internet orqali kechgan mazkur sinovlar bois ayni turdagi vaziyatlarga doir tajriba-koʻnikmamni oshirib oldim. Xullas, zamon talabiga moslashishimiz lozim.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri 
Orifjon JOʻRAYEV suhbatlashdi.