Oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan direktor oʻrinbosari ushlandi

    Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan direktor oʻrinbosari qoʻlga olindi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Т.Е. fuqaro S.S.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialiga oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlanib, uning koʻrsatuviga asosan davom etgan tadbirda ushbu universitetning Nukus filiali direktori oʻrinbosari Р.Х. fuqaro S.S.ni oʻqishga kiritib qoʻyish uchun 2 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.