Oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

    Xavfsizlik 19 Iyul 2021 873

    Toshkent viloyati va shahrida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi, deya xabar beradi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chinoz tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti oʻrganuvchi-oʻqituvchisi I.B. fuqaro R.ni 7 000 AQSH dollari evaziga yuqori lavozimida ishlovchi tanishlari orqali ushbu universitetga oʻqishga kiritib qoʻyishga ishontirib, oldindan 3 500 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Uchtepa tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent davlat agrar universiteti sport klubi murabbiyi S.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqaro Sh.ni Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 4 200 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

    Hurmatli ota-onalar va abituriyentlar!

    Bugungi kunda, Respublikamizda mavjud 141 ta oliy taʼlim muassasalarining barchasiga onlayn hujjat topshirish va oʻqishga kirish borasida keng imkoniyatlar yaratilgan boʻlib, yaʼni har bir abituriyent bir vaqtning oʻzida mos taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 5 tagacha OTM larga hujjat topshirishi, shu bilan birga kirish imtihonlaridan yetarlicha ball toʻplolmagan taqdirda kontrakt yoki oshirilgan kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish orqali ham talaba boʻlish imkoniyati yaratilgan.

    Shunday ekan, oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishda, oʻqishga kirishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida harakat qilishingizni, firibgarlar tuzogʻidan ehtiyot boʻlishingizni soʻrab qolamiz, deya ogohlantiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.