Oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan kafedra oʻqituvchisi ushlandi

    Buxoroda oʻqishga kiritib qoʻymoqchi boʻlgan oʻqituvchi va Andijonda oʻqishni Qirgʻizistondan Andijon davlat universitetiga koʻchirib berishni vaʼda qilgan firibgarlar tegishli tartibda qoʻlga olindi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Buxoro viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti kafedra oʻqituvchisi A.A. fuqaro M.T.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari orqali ushbu institutning “Belarus” texnika universiteti hamkorligidagi menejment yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shuningdek, Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar T.K. (muqaddam sudlangan) va A.X. fuqaro M.A.ning ishonchiga kirib, Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh texnologiya universitetidan oʻqishini Andijon davlat universitetiga koʻchirib berish evaziga 3 300 AQSH dollari va 9,4 mln soʻmini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlanib, T.K. va A.X. tomonidan oʻz aybiga iqror boʻlib 900 AQSH dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, prokuraturaga yuborilgan.