Oʻqishni bitirsa ham xabar olamiz, ular aslo yolgʻiz emas

    Ijtimoiy hayot 29 Aprel 2022 1829

    Fargʻona viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi boshligʻi polkovnik, Shavkat Akbarov Margʻilon 1-mehribonlik uyini tamomlab oʻz uyiga ega boʻlgan bitiruvchilar holidan xabar oldi.

    “Uy berdik, ketdik” emas, nima yeyapsan qanday yashayapsan, kimlar bilan turibsan? — deb xabar olish bizni otalik burchimiz. Davlatimiz rahbarining bu boradagi tegishli qarorida bularni 25 yoshgacha, uzogʻi bilan 30 yoshgacha monitoring qilishimiz aytilgan. Shu sabab bugun oʻzim boshchiligimda joylarda Mehribonlik uyini tamomlab ketganlar holidan Milliy gvardiya xodimlari xabar olyapti”, — deydi Shavkat Akbarov.

    Polkovnikning bugungi shaxsiy yondashuvi Mehribonlik uyining sobiq bitiruvchisi Taras Yermakovga qaratildi. Uni uyiga boshqarma boshligʻi shaxsan oʻzi tashrif buyurdi. Bolaga 12 turdagi oziq ovqat, kiyim-kechaklar berish bilan birga moddiy koʻmak koʻrsatildi.

    — Oʻng qoʻlim yoshligimda singan deb bilardim, — deydi Taras. — Doktorlarga koʻrsatsam, qotib qolgani sabab sindirib, takroran davolaymiz, bu esa 13 million soʻm atrofida boʻladi degandi. Lekin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qarori sabab bizga berilgan imtiyozdan foydalandim. Order asosida Toshkent Travmatologiya kasalxonasida murakkab operatsiyam muvaffaqiyatli oʻtdi. “Sen yolgʻiz emassan” fondi va boshqa homiylar dori-darmonimga yordam berdi. Hammasi uchun saxovatpesha insonlarga va davlatimizga rahmat. Bugun mana sogʻlomman”.

    Taras bugun Toshkent Tibbiyot institutining Fargʻona filialida 1-kursda davlat granti asosida tahsil olyapti. Kelajakda yaxshi shifokor boʻlib, bolalarni davolashni maqsad qilgan.

    Eslatish joizki, Fargʻona viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi nazorati ostida 2021-yil yakuniga qadar 30 ta yetim bolaga barcha sharoitlarga ega 1 xonalik uylarni kaliti topshirilgan edi. Ayni damda Fargʻonada 16 ta oilaviy bolalar uyi ham faoliyat olib boryapti.

    Shermuhammad Dehqonov,

    huquqshunos bloger.