Bu albatta, yurtimizda ustoz va murabbiylarga boʻlgan yuksak hurmat, eʼtibor va eʼtirofning bir debochasidir. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim tizimiga, xususan, oʻqituvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelinyapti.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor oʻqituvchi maqomi alohida belgilanib, taʼlim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritildi.
Bugun oʻqituvchi va murabbiylar doimiy eʼtiborda, ularning kasbiy tajribasini oshirish, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish imkoniyati yaratilyapti, ularga madaniy hordiq chiqarishlari uchun turli maʼnaviy maʼrifiy tadbirlar tashkil etilyapti.
Jumladan, kuni kecha mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan maktabgacha, maktab taʼlimi muassasalari xodimlari, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni hamda boshqa yuksak davlat mukofotlariga ega pedagoglar, uzoq yillar tizimda faoliyat yuritgan ustozlar, taʼlim fidoyilari va masʼullari ishtirokida Oliy Majlis Senatida uchrashuv tashkil etildi.
Ishtirokchilar Oliy Majlis Senati hamda senatorlar ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Yuqori kayfiyat ulashgan muloqot davomida Senat qoʻmitalari raislari – Odiljon Iminov, Malika Kadirxanova, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyati oʻqituvchi va murabbiylarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklab, soʻnggi yillarda taʼlim tizimida olib borilayotgan tub islohotlar natijasida maktabgacha va maktab taʼlim sohasidagi muhim oʻzgarishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Muloqot davomida pedagoglar tizimdagi ijobiy yangilanish va oʻzgarishlar ustoz-murabbiylarning oʻz kasbiga munosabati, masʼuliyatini yanada oshirishga katta turtki berganini, soha rivojiga katta hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.
Uchrashuv soʻnggida ishtirokchilar maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi sohasiga doir qonunchilikka kiritilgan oʻzgarishlar haqidagi savollariga, shuningdek, oʻzlarini qiziqtirgan boshqa savollariga atroflicha javob oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.