Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar doʻstligi universitetining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolarni rus tiliga oʻqitish va zaruriy kasblarga tayyorlash, sertifikatga ega boʻlish imtiyozlarini yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Unga koʻra, joriy yilning 27-oktyabridan Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti oʻquv dasturi asosida 500 oʻqituvchini oʻqitish boʻyicha 72 soatlik bepul seminar oʻtkazilib, sertifikatlar beriladi. Mazkur oʻqituvchilar vazirlik tasarrufidagi 25 oʻquv markazida tashkil etilgan rus tili sinflariga ishga jalb qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti va “World Skills Russia” oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida uch tomonlama Memorandum imzolangan edi. Unga koʻra, fuqarolar 25 yoʻnalish boʻyicha kasbga oʻqitilishi koʻzda tutilgan.

Memorandumga asosan, Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterinburg, Qozon shaharlarida rus tili va kasb-hunarlarga oʻqitish boʻyicha guruhlar tashkil etilgan boʻlib, yaqinda Novosibirsk shahridagi oʻquv markazini santexnika yoʻnalishi boʻyicha tugatgan 14 fuqaroga “World Skills Russia” sertifikati berildi. Bundan tashqari, kelgusida Rossiyaning oʻzbekistonlik mehnat migrantlari koʻproq yashaydigan hududlarida ham rus tili va kasbga oʻqitish markazlarini ochish rejalashtirilgan.