“Oʻqituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi start oldi

    6-yanvar kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 118-sonli umumtaʼlim maktabida maktab oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Oʻqituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi musobaqalari boshlandi.

    Olimpiadaning Respublika bosqichi joriy yil 6-7-yanvar kunlari poytaxtimizdagi 118-sonli umumtaʼlim maktabida tashkil qilinmoqda.

    Unda barcha fanlar doirasida jami 168 nafar (fizika, kimyo va biologiya fanlaridan 3 nafardan, har bir hududdan 12 nafardan) oʻqituvchilar ishtirok etishi belgilangan.

    Olimpiadaning birinchi kunida ishtirokchilarga 5 ta masaladan iborat yozma ish vazifasi beriladi hamda ushbu topshiriqni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

    Olimpiadaning ikkinchi kunida ishtirokchilarga tegishli fan yoʻnalishlari boʻyicha metodik qism va test topshiriqlaridan iborat vazifalar beriladi.

    Metodik qismda ishtirokchilardan taqdim etilgan topshiriqlarning misol va masalalarni toʻgʻri yoki notoʻgʻri yechilganligini izohlab, har bir masalani baholashi talab etiladi. Ushbu topshiriqni bajarish uchun 2 soat vaqt ajratiladi va natijalar 50 ball bilan baholanadi.

    Respublika bosqichi natijalariga koʻra, har bir fan boʻyicha 6 nafardan iborat gʻoliblar aniqlanadi hamda ular turli nominatsiyalar boʻyicha diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
    Barcha fanlar natijalariga koʻra hududlar boʻyicha reyting eʼlon qilinadi.

    Mazkur olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan oʻqituvchilar bilan hamkorlik oʻrnatiladi. Bu hamkorlik doirasida ular kelgusida iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash, oʻquvchi-yoshlarni Respublika, xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash jarayonlariga jalb qilinadi.

    “Oʻqituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi joriy yilning 7-yanvariga qadar davom etadi.