Oʻqituvchilar toʻldiradigan hujjatlari soni bitta jurnal bilan cheklanadi — 2016-yilda ularning soni 7 ta edi

    Ta'lim 1 Iyul 2020 9623

    Bu oʻqituvchilarga asosiy eʼtiborini dars mashgʻulotlarini yana-da qiziqarli qilib oʻtishga qaratishi uchun sharoit yaratadi.

    Oʻqituvchilarning pedagogik yuklamasini optimallashtirish, ularni asosiy yuklamadan tashqari boshqa hisobotlar va ortiqcha qogʻozbozlik ishlaridan ozod qilish hamda pedagogikaning mazmuniga koʻproq vaqt ajratishlari maqsadida “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari boʻyicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma”ga oʻzgartirish kiritildi (Adliya vazirligidan 2020-yil 29-iyunda 3058-I raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazildi).

    Bunda, umumtaʼlim maktablarining oʻqituvchilari tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni bittagacha (sinf jurnali (jumladan, elektron ravishda kundalik.com tizimi orqali) qisqartirildi.

    Bu oʻqituvchilarga asosiy eʼtiborini dars mashgʻulotlarini yana-da qiziqarli qilib oʻtishga qaratishi uchun sharoit yaratadi.

    Barcha maktablarda fanlar boʻyicha taqvim mavzuiy rejalarini bir xillashtirish maqsadida, endilikda taqvim mavzuiy rejalar Respublika taʼlim markazi tomonidan tasdiqlanadi va oʻquv yili oldidan vazirlikning rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

    Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilishi kutilayotgan “Milliy oʻquv dasturi”ning asosiy komponentlari doirasida barcha fanlardan “Oʻqituvchi kitobi”ni joriy etilishi maktab oʻqituvchilarining dars ishlanmasi (konspekt)ning oʻrnini toʻldiradi.

    Endilikda oʻqituvchilarimiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratadilar degan umiddamiz.

    Bosqichma-bosqich oʻqituvchilar va maktab jamoasi faoliyati hujjatlarni toʻldirishiga qarab emas, balki maktab bitiruvchilarining hayotda muvaffaqiyatga erishishlari bilan baholanishga oʻtiladi.