Oʻqituvchilarning malakasiga yarasha toifa berish sinovlari boshlandi

    2020-yilda malaka (toifa) attestatsiya sinovlarida qatnashish uchun 112 935 nafar pedagogdan ariza kelib tushgan. Talabgorlarning 57 743 nafari oliy va birinchi malaka toifalariga, 55 192 nafari esa mutaxassis malaka toifasidan ikkinchi malaka toifasiga oshirish istagini bildirgan.

    Mamlakatimizda oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirish hamda ularning malakasiga yarasha toifa berish orqali oʻzaro sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida pedagog kadrlar attestatsiyasi oʻtkazib kelinmoqda. 2020-yilda malaka (toifa) attestatsiya sinovlarida qatnashish uchun 112 935 nafar pedagogdan ariza kelib tushgan. Talabgorlarning 57 743 nafari oliy va birinchi malaka toifalariga, 55 192 nafari esa mutaxassis malaka toifasidan ikkinchi malaka toifasiga oshirish istagini bildirgan.

    Joriy yilda pedagoglar uchun oʻtkaziladigan malaka (test) sinovlari koronavirus pandemiyasi sababli toʻxtalib turilgan edi. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda epidemiologik vaziyatning barqarorlashishi bilan Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, koʻplab sohalarda bosqichma-bosqich tarzda tiklanish jarayonlari koʻzga tashlanmoqda.

    Shu qatorda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ham attestatsiya jalb etiladigan pedagoglar uchun malaka (test) sinovlari jarayonini oʻtkazish ishlari boshlab yuborildi.

    Xususan, 7-21-sentyabr kunlari Toshkent viloyatidagi umumtaʼlim muassasalari pedagoglari uchun oʻquv fani boʻyicha malaka (test) sinovlari oʻtkazilmoqda. Joriy yilgi sinovlarga jami 3387 nafar Toshkent viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida faoliyati olib borayotgan oʻqituvchilarni jalb etish rejalashtirgan.

    Malaka (test) sinovlari real vaqt rejimida, barcha qulaylik, shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlangan xonalarda onlayn tarzda oʻtkazilmoqda. Taʼkidlash joizki, pedagoglar salomatligi saqlash maqsadida sinovlar sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy amal qilgan holda tashkil etilmoqda.

    Jarayonda shaffoflikni taʼminlash uchun jalb etilgan nazoratchilardan tashqari, sinovlar kuzatuv kameralari orqali ham yozib olinmoqda. Sinovlarda ishtirok etayotgan oʻqituvchilar testni yakunlashi bilan qayd etgan natijalarini bilib olishmoqda.

    Bundan tashqari soha xodimlariga koʻproq qulaylik yaratish maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan “Pedagog kadrlar va ularning attestatsiya natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun maxsus elektron baza” (pka.tdi.uz) yaratildi. Endilikda pedagog shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL), pasport seriyasi hamda raqamini kiritib, attestatsiya natijalari bilan tanishishi mumkin.

    Mazkur bazada malaka test sinov natijalari, dars oʻtish mahorati hamda mehnat samaradorligi boʻyicha olingan ballar, attestatsiya komissiyalari tomonidan chiqarilgan qarorlar va malaka toifa sertifikati haqidagi maʼlumotlar jamlangan.

    Shuningdek, pedagog kadrlarning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat seriyasi va raqamini kiritish orqali sertifikatning kimga tegishliligini ham tekshirish mumkin. Bu esa oʻz navbatida shaffoflikni taʼminlab, turli firibgarliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

    Hukumatimizning 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori bilan bilan tasdiqlangan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan oʻqituvchilar salohiyatini adolatli baholash maqsadida jarayon soddalashtirilib, qator yangiliklar joriy etilgan.

    Xususan, avvalgi tartib boʻyicha pedagog qanchalik malakali, bilimi va salohiyatiga ishonsa-da, faqat har besh yildagina attestatsiyaga jalb etilgan. Misol uchun pedagog mutaxassislikdan oliy toifani qoʻlga kiritguniga qadar 13 yil kutishiga toʻgʻri kelardi. Yangi tartibga koʻra besh yillik majburiy muddat bekor qilinib, pedagog yozma arizasiga binoan navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishi mumkin boʻldi.

    Joriy yilning oʻzida muddatidan avval attestatsiyada ishtirok etish uchun 35 ming 208 nafar pedagog ariza bilan murojaat qilgan.