Bugun jamiyatimizda oʻqituvchilar va ziyolilar biz intilayotgan Uchinchi Renessansning toʻrt tayanch ustunidan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan pedagoglarning nufuzini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va obroʻsini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiymaʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha boshlangan ishlar yangi pogʻonaga koʻtarilmoqda.
Bunday yangilanish jarayonida ustoz-murabbiylarning ishga, hayotga munosabati tubdan oʻzgarib, yangilikka intilib yashayotgani, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va metodikalarini puxta oʻzlashtirayotgani, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning shu yil 23-noyabr kuni Shayxontohur tumanidagi 41-maktabga, 11-dekabr kuni esa mehnat taʼlimiga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabiga tashrifi ham taʼlim tizimiga qaratilayotgan katta eʼtibordan dalolat.
Mirzo Ulugʻbek tumanidagi mehnat taʼlimiga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi 1976-yili qurilgan, 2008-yilda taʼmirlangan. Prezidentimiz mazkur taʼlim muas sasasini koʻzdan kechirar ekan, maktabda barcha shart-sharoit mavjudligi, eng talabgir oʻquv dargohlari qatorida ekani va bunda muassasa jamoasining mehnati samarasi yaqqol koʻrinib turganini alohida eʼtirof etdi.
Darhaqiqat, maktab rahbari oʻzi boshqarayotgan maskanga mehr bersa, unda farzandini oʻqitish istagidagi ota-onalar ham koʻpayadi. Mehnat taʼlimiga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi misolida buni yaqqol koʻrish mumkin. Shu bois, har bir hududdagi maktabga alohida eʼtibor qaratib, sinfxonasidan oshxonasigacha oʻquvchilar uchun barcha sharoitni yaratish zarur.
Tashrif asnosida davlatimiz rahbari, jumladan, bunday dedi: “Hamma joyda zamonaviy korxonalar ochilyapti, investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Ularni yuritadigan salohiyatli kadrlar kerak bizga. Shuning uchun ham muallim va maktablarga, taʼlim sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor beryapmiz. Salohiyatli kadrlar raqobatni paydo qiladi. Qayerdaki, raqobat boʻlsa, oʻsha joyda rivojlanish boʻladi”.
Shuningdek, Prezidentimiz maktabdagi sinf xonalar, sport zali va oshxonani koʻzdan kechirib, taʼlim maskani uchun 900 oʻrinli yangi bino qurish, yoshlarga hunar oʻrgatish, amaliyot darslarini korxonalarda tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi tufayli Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan nafaqat oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishi, balki ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish, sohalar boʻyicha tushunchasini shakllantirish maqsadida yirik ishlab chiqarish korxonalari, nufuzli tashkilotlar va hunarmandlik markazlariga sayohatlar tashkil etilyapti. Oʻgʻil-qizlar yangi kasblar bilan tanishtirilmoqda. Bu esa ularning kelgusida oʻz kasbini yaxshi koʻradigan mohir mutaxassis boʻlib yetishishida muhim qadam.
Bir insonning mustaqil va yetuk shaxs sifatida kamol topishida maktabning roli juda katta. Aynan maktabda insonning “men”i shakllanadi. Shuning oʻzi mazkur sohada faoliyat yuritayotgan har bir insonning oldiga ulkan masʼuliyat, yaʼni bir shaxs taqdiri orqali millat, davlat va kelajagimizning taqdiriga javobgarlik yotganini anglatadi.
Buning uchun, avvalo, pedagoglarning, oʻqituvchilik kasbining mavqeini koʻtarishimiz kerak. Oʻqituvchilik va fidoyilik tushunchalari doimo hamohang boʻlgan. Maktabda, xalq taʼlimi tizimida ishlaydigan har qanday inson zimmasidagi masʼuliyatni ich-ichidan his qilishi kerak.
Bugungi zahmatli mehnatimiz, albatta, kelgusida shirin mevasini beradi. Biz xalq taʼlimi tizimidagi 7 million oʻgʻil-qiz taqdiri orqali butun xalqimiz, vatanimiz kelajagiga taʼsir oʻtkazamiz. Buning javobgarligini sohada faoliyat yuritayotgan har bir inson his qilishi lozim. Har birimiz taʼlim rivoji uchun nima qila olaman, degan oʻy bilan yashasak, maqsadimizga erishamiz.