Buxoroning Qorakoʻl tumanidagi mashhur xalqaro matematika maktabi haqida eshitmagan, bilmagan odam boʻlmasa kerak. Shernazar Salomov ana shu ixtisoslashgan maktab-internatda oʻquvchilarga matematika fanidan saboq beradi. Oʻz ishining fidoyisi, ijodkor va izlanuvchan oʻqituvchi innovatsion taʼlimni amaliyotga tatbiq qilgan. Uning ish tajribasi respublika miqyosida keng ommalashtirilgan.

Muallim darslarga puxta tayyorgarlik koʻradi. Yangi pedagogik texnologiyalar, shuningdek, “Dars — muqaddas”, “Oʻrgan — oʻrgat”, “Biz bir jamoamiz” kabi pedagogik tavsiyalardan oʻrinli foydalanib, oʻqitishning interfaol usullarini amaliyotga tatbiq etib kelmoqda. Shu bilan birga, oʻquvchilarning matematika fanini oʻzlashtirish samaradorligini oshirishga erishmoqda.

Pedagogning oʻquvchilari respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli tanlovlarda muvaffaqiyat qozonib kelmoqda. Jumladan, 2017-yili Hindistonda, 2018-yili Bolgariyada, Ozarbayjonda, 2019-yili Janubiy Afrika Respublikasida matematika fani boʻyicha boʻlib oʻtgan “International Mathmetical Competition” (IMC-2019) olimpiadada Shernazar Salomov shogirdlari oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, 2019-2020-yillarda oʻtkazilgan “Moskva III mingyillik” tanlovida ishtirok etgan oʻquvchilari kumush medal sohibi boʻldi.

— Bolaligimdan matematikaga qiziqqanman, — deya xotirlaydi pedagog. — Doim nimalarnidir qoʻshish va ayirishga, hamma narsani xayolan hisob-kitob qilishga intilardim. Bu meni tartibga, vaqtimni rejalashtirish va aniqlikka oʻrgatdi. Oʻzim ham shu maktabda saboq olganman. Ustoz muallim, ushbu maktabning asoschisi Toʻxtamurod Jumayevdan fidoyilik, mehnatsevarlik, oʻz ustida tinimsiz ishlash, kasbga muhabbatni oʻrgandim.

Bugun oʻzim ustozlik maqomida ishlab, oʻquvchining kamoli ustozining koʻksini togʻdek koʻtarishini yaxshi anglayapman. Shu kunga qadar oʻquvchilarim beshta davlatda oʻtkazilgan nufuzli xalqaro olimpiadalarda ikkita oltin, 6 ta kumush, 3 ta bronza medalga sazovor boʻldi.

2019-yili oʻquvchimiz Doniyor Ismoilov “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga munosib koʻrilganida qanchalik xursand boʻlganimni soʻz bilan ifodalay olmayman. Oʻtgan yili Rossiya

Federatsiyasida oʻtkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida bir oʻquvchimiz bronza medalni qoʻlga kiritgani mehnatimiz besamar ketmayotganini yana bir karra isbotladi. Hozir u Yangi Oʻzbekiston universitetida tahsil olmoqda.

Haqiqatan, maktabning samarasi bitiruvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi bilan oʻlchanadi. Buning birinchi katta mezoni oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish koʻrsatkichi boʻlsa, keyingisi muayyan sohada faoliyat yuritayotgani yoki biznes bilan mashgʻulligidir. Xalqaro matematika maktabi bitiruvchilarining 95 foizdan ortigʻi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirayotgani, xalqaro olimpiadalardan eng koʻp medal olib kelayotgani zamirida fidoyi va jonkuyar oʻqituvchilar, xususan, qahramonimizning ham hissasi katta.

Malakali pedagog bolalarga kundalik hayotda har bir qadamida matematikani koʻrsatib qiziqtirishga, bu fanni faqat oliy oʻquv yurtiga kirish vositasi emas, balki hayoti davomida duch keladigan masalalarga yechim beruvchi yordamchi sifatida tasavvur uygʻotishga harakat qiladi. U doim “Matematika — aql gimnastikasi. Pedagogning vazifasi — bolaning aqlini doimiy charxlash, uning hafsalasizligiga yoʻl qoʻymaslikdir”, degan tamoyilga amal qiladi.

Oʻqituvchiga hurmat-ehtirom jamiyatni oʻzgartirishdan boshlanadi. Shu bois, aynan xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarni boshlashda qoʻyilgan eng katta vazifa ham jamiyatda ustozning nufuzini oshirish boʻldi. Pedagog xodimlarning mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun Buxoroning chekka tumanida faoliyat olib borayotgan oʻqituvchi hayotida ham oʻz ifodasini topyapti.

— Prezidentimiz oʻtgan yili Xalqaro matematika maktabiga tashrif buyurganida u kishi bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻldim, — deya hayajon va mamnuniyat bilan eslaydi mohir pedagog. — Oʻshanda suhbat asnosida erishgan yutuqlarim haqida soʻzlab, oylik maoshim qariyb ming dollarni tashkil etayotgani haqida aytgandim. Maoshimdan tashqari Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan Xalqaro maktabning boshqa oʻqituvchilari qatori men ham 100 foiz ustama olaman. Dunyoda tan olingan nufuzli fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Mening ham oʻquvchim xalqaro olimpiadada bronza medal sohibi boʻlgani uchun qoʻshimcha yana 150 foiz ustama olaman. Repetitorlik bilan shugʻullanaman. Xullas, bugun jami oylik daromadim 3000 AQSH dollariga yetib qoldi.

Shernazar Salomov ustozlarining paxta tergani, obodonlashtirish ishlariga jalb etilganiga koʻp bor guvoh boʻlgan. Oʻqish, ishlash jarayonida oʻzi ham bir necha bor taʼlimdan boshqa, xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlar bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keldi. Muallimlikni hayotining mazmuni deb bilgan pedagog eng qiyin paytlarda ham maktabni tark etmadi. Bugun jamiyatda muallimning mavqeini, oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirishga katta eʼtibor qaratilayotir. Soʻnggi yillarda pedagoglarni turli yumushlardan, ortiqcha qogʻozbozlikdan ozod qilib, taʼlim sifatiga eʼtibor qaratilayotgani, ularning oylik maoshi 1,5 barobar oshirilgani, ustoz degan ulugʻ maqomga munosib koʻrilayotgani minglab oʻqituvchilar qatori Shernazar muallimning qalbiga ham katta mamnuniyat, minnatdorlik tuygʻularini olib kirmoqda.

U bugun mehnatlarining samarasini koʻryapti. Oʻqituvchining obroʻsi oshayotganiga, pedagoglarning oʻz ustida ishlashi, bolalarga qoʻshimcha dars berishi, daromad topishiga imkoniyat yaratilganiga guvoh boʻlib turibdi. Zotan, oʻqituvchilar maoshining pogʻonama-pogʻona koʻtarilayotgani, ustozlar mavqeini oshirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar Prezidentimiz tomonidan oʻqituvchilarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik samarasidir.

Shernazar Salomov ishga yangi qabul qilingan pedagoglarga murabbiylik qiladi. Ularga darsni samarali tashkil etish metodikasi, bolalar psixologiyasi, dars oʻtish metodlari, ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash usullarini erinmasdan tushuntirib, amaliyotda qoʻllashni oʻrgatadi.

Oʻtgan yili izlanuvchan muallim “Shuhrat” medali, “Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni va “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Oʻrgatish ikki barobar oʻrganishdir, degan gap bor. Oʻqituvchi darsga kirar ekan, oʻnlab qorakoʻz unga umid va ishonch bilan tikiladi. Oʻquvchi nafaqat ustozning aytganini tinglaydi, balki koʻplab savollariga javob, bilim va salohiyat istaydi. Bolalar har doim ustozining qattiqqoʻl, talabchan, ammo mehribon va tushunadigan boʻlishini xohlaydi. Taʼlim va tarbiyaning muvaffaqiyatli tashkil etilishi muallimdan doimiy oʻzini oʻzi takomillashtirish, oʻz ustida ishlash, izlanishni talab qiladi. Ayni shu jihatlar oʻqituvchining qadrini yuksaltiradi. Uni shogirdlar va elu yurt nazdida hurmatga sazovor etadi. Shernazar Salomov buni yaxshi biladi va ogʻishmay amal qiladi. Shu bois, mehnat jamoasida ham, oʻquvchilari orasida ham hurmati joyida. Izidan havas bilan termuladiganlar bisyor.

Risolat Madiyeva,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri