Oqoltinda tumanlararo perinatal markazi ish boshladi

    Salomatlik 24 Oktabr 2023 1739

    Sirdaryo viloyati Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi negizida tumanlararo perinatal markazi ish boshladi.

    Ushbu yangi tibbiyot muassasasida bir vaqtning oʻzida Oqoltin, Mirzaobod, Sardoba yashovchi 70 nafar tugʻruq yoshidagi ayollarga perinatal, neonatal va pediatrik xizmat koʻrsatish sharoitlari mavjud.

    Zamonaviy tibbiyot maskanining barpo etilishi enda chekka hududda ham onalar va bolalar sogʻligʻini mustahkamlash barobarida homilador ayollarga yordam koʻrsatish, chaqaloqlarni perinatal skrining koʻrigidan oʻtkazish, va eng muhimi tugʻma nuqsonlarni barvaqt aniqlash va nogironlikning oldini olish imkonini beradi.

    Markaz ochilmasdan oldin yosh ota-onalar ushbu xizmatlar uchun viloyatning markaziga 35-40, hatto 50 kilometr yoʻl bosib borishiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, endi, ushbu markaz ishga tushganligi sababli, bunday ovoragarchiliklarga oʻrin qolmaydi.

    Tugʻruq kompleksini rekonstruksiya qilish uchun 760 million soʻm mablagʻ sarflanib, ushbu yumushni viloyatdagi “Universal tezkor servis” masʼuliyati cheklangan jamiyat quruvchilari amalga oshirdi. Shuningdek, yangi tibbiyot muassasasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 547 million soʻmlik, yuqori texnologik imkoniyatga ega boʻlgan “My Lab” rusumli koʻp funksiyali UTT apparati, bolalar va kattalar uchun sunʼiy nafas berish apparati, kardiomonitor, foto lampa, Sepap va shunga oʻxshash apparatlar, tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

    Yangi markaz imkoniyatlari esa nihoyatda keng boʻlib, bolalar reanimatsiya boʻlimi, intensiv terapiya boʻlimlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani muddatidan oldin tugʻilgan va salomatligida muammosi bor chaqaloqlarga tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini beradi.

    — Tumanimizda tashkil etilgan tumanlararo perinatal markazi Sardoba, Oqoltin, qolaversa Mirzaobod tumanining olis va chekka hududlarida, shuningdek Jizzax viloyatining Gagarin tumanida yashovchi tugʻruq yoshidagi ayollarga ham perinatal, neonatal va pediatrik xizmat koʻrsatadi, —dedi Sirdaryo viloyat perinatal markaz direktori, akusher-ginekolog Xanifa Sodiqova.

    Gʻulom Primov,

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xodimi.