Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov kuni kecha Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi “Oqoltin” mahalla fuqarolar yigʻiniga tashrif buyurdi hamda hududda olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, mahalla hududida joylashgan sobiq 70-maktab filiali binosida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirdi.

Aytish lozimki, necha yillar davomida mahalla bolalarining taʼlim olishi uchun zamonaviy oʻquv binosiga ehtiyoj mavjud edi. Yurtimiz mustaqilligining 30 yillik shodiyonasi arafasida esa ushbu mahalla hududida yangi maktab binosi qad rostladi va bu yangilik mahalla yoshlari uchun chinakam bayram sovgʻasi boʻldi.

Vazir R.Mamatov hozirda 192-maktabga aylantirilgan hamda 176 oʻringa ega mazkur maktab chinakam ziyo maskani sifatida kelgusida mahalladagi barcha oʻquvchilarning sevimli goʻshasiga aylanishini taʼkidlab oʻtdi.