Kuni kecha Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi “Oqoltin” mahalla fuqarolar yigʼinida yashayotgan hamda “Аyollar daftari”ga kiritilgan ana shunday 40 nafar xotin-qiz Xorazm viloyatiga sayohat qilishdi.

Ikki kun davom etgan mazkur sayohat va ziyorat tadbirlari davomida sayohatchilar qadimiy Xiva shahrining “Ichan qalʼa” majmuasida joylashgan madrasa, muzeylarni tomosha qilishdi. Shuningdek, Xiva xonligi davridan qolgan turli tarixiy buyumlar koʼrgazmasi bilan yaqindan tanishishdi.

Sayohat davomida ushbu koʼhna shaharning tarixi, rivojlanish bosqichlari, bu yerda yashab oʼtgan mashhur ota-bobolarimiz, ijodkorlar xususida ishtirkchilarga zarur maʼlumotlar berildi. Shundan soʼng sayohatchilar viloyat markazi boʼlmish Urganch shahrida joylashgan diqqatga sazavor joylarni koʼzdan kechirishdi.

Аytish lozimki, hozirgi vaqtda “Oqoltin” mahalla fuqarolar yigʼinida yashovchi, tikuvchilik bilan shugʼullanish va “Goʼzallik saloni”da mehnat qilishni istayotgan ishsiz xotin-qizlarga hududdagi tajribali tikuvchi va “Goʼzallik saloni” xodimlari “Ustoz — shogird” tamoyili asosida biriktirilib, ularga turli hunar sirlari oʼrgatilmokda.

Hududda yoʼlga qoʼyilgan ezgu anʼanalardan biri sifatida kuni kecha “Oqoltin” mahallasidagi “Аyollar daftari”ga kiritilgan va “Obod qishloq” dasturi asosida oʼz koʼchasi va xonadoni obodligi va saranjom-sarishtaligiga munosib hissa qoʼshib kelayotgan 60 nafar xotin-qizlarga mahalliy homiylar mablagʼi hisobidan milliy libos — atlas koʼylaklar sovgʼa qilindi.