“Oqqoʻrgʻon tajribasi” Jizzaxda qanday natijalar berdi?

    Mamlakatimizda 29 Mart 2023 824

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining shu yil avvalida “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida Arnasoy tumanidagi oʻrganishlari davomida aholining elektr energiyasi, gaz, koʻmir, ichimlik suvi bilan bogʻliq eng birlamchi hayotiy masalalarini hal qilishga asosiy eʼtibor qaratilgan edi.

    Ayni shu tajriba bilan viloyatning barcha tuman-shahrida yordamga haqiqiy muhtoj insonlarni topib, ularga koʻmak berish, Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarda koʻtarilgan real muammolarga yechim topish, dasturlar ijrosini jadallashtirish borasidagi ishlar yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.

    Arnasoy tumanidagi Gʻoliblar mahallasi aholisi anchadan beri oqar suv masalasida murojaat qilib kelardi. Murojaatlar tahlilidan soʻng bu masala tegishli dasturlarga kiritilib, ayni kunlarda 5 km irrigatsiya tarmogʻi bunyod etilyapti. Bu bilan 500 dan ortiq xonadon tomorqasidan qoʻshimcha daromad topish imkoni yaratiladi. Yoki tuman markazidan 25-30 chaqirim olisdagi “Boʻston”, “Doʻstlik” mahallalarida aholi tomorqalarini sugʻorish uchun 4,5 km ichki irrigatsiya tizimi yangidan qurilishi tufayli 400 xonadon tomorqasi oqar suv bilan barqaror taʼminlanadi.

    Arnasoyda “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosidagi oʻrganishlardan soʻng birgina Chinobod mahallasida 3 km ichimlik suvi, 7,2 kilometrga yaqin elektr tarmogʻi tortildi, 3 km tuproq yoʻl shagʻallashtirildi, 4 ta koʻcha asfaltlandi. Piyodalar yoʻlakchalari barpo qilinib, simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirildi. Bundan tashqari, mahalladagi 12-maktabning qoʻshimcha oʻquv xonalari va yangi madaniyat zali, chinobodliklar uchun 12 oʻrinli tibbiyot maskani bunyod etish ishlariga ham aynan aholi murojaatlari asos boʻldi.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida bugun Jizzax viloyatining ham 74 ta mahallasida ichimlik suvi bilan bogʻliq eng dolzarb tizimli masalalar hal qilinyapti. Aytaylik, Zafarobodning Uzun va Samarqand qishloqlaridagi bunyodkorlik ishlari bois qariyb 750 ta xonadon obi hayot bilan barqaror taʼminlanadi.

    Mirzachoʻl tumanidagi ana shunday yirik bunyodkorlik harakati natijasida esa “Toshkent”, “Yangidala”, “Paxtazor”, “Oʻzbekiston”, “Gulzor” qishloqlaridagi 3 ming 140 dan ziyod xonadonga ichimlik suvi kirib boradi. Bu bilan 15,2 mingdan ziyod aholining eng birlamchi hayotiy muammosi hal qilib beriladi.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Republika ishchi guruhining Jizzax viloyatidagi faoliyati davomida ham har bir tuman-shahardagi dolzarb, tizimli masalalar murojaatlar tahlili va dasturlar ijrosiga bogʻliq holda har tomonlama chuqur oʻrganildi. Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla institutlarining uygʻun faoliyati esa bu boradagi ishlar samaradorligini taʼminlashda muhim asos boʻladi.