Oqsoqollar kengashi hamkorlikni kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdi

    Xalqaro hamkorlik 9 Fevral 2022 2388

    Istanbulda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashining oʻn ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Majlisning ochilishida Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bagʻdod Amreyev va tashkilotga aʼzo davlatlar Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Qirgʻiziston oqsoqollari soʻzga chiqdi.

    Majlisda Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ishtirok etdi.

    Tadbirda hozirgi vaqtda Turkiy davlatlar tashkiloti rahnamoligida olib borilayotgan hamkorlik masalalari, shuningdek, 2021-yil 12-noyabrda Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammitida davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosi koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar Turkiy kengash Oqsoqollar kengashining yangilangan nizomi va oqsoqollar rolini kuchaytirish chora-tadbirlari hamda boshqa masalalarni ham koʻrib chiqdilar.

    Turkiy davlatlar tashkiloti tegishli tuzilmalarining samarali hamkorligi va faoliyatini muvofiqlashtirish muhimligi, ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida madaniy va ijtimoiy sohalarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni yaratish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan turkiyzabon mamlakatlarda 2022-yil “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinishi doirasida tadbirlar oʻtkazish masalasi ham muhokama qilindi.

    Majlis yakunlari boʻyicha muhokama qilingan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi, shuningdek, 2022-yilning ikkinchi yarmida Qirgʻiziston Respublikasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Oqsoqollar kengashining 13-majlisi sanasi belgilandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.