Oqtoʻbe shahrida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatining taqdimoti oʻtkazildi

    Turizm 25 Dekabr 2024 261

    Qozogʻiston Respublikasining Oqtoʻbe shahrida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti oʻtkazildi. Unda ikki mamlakat turizm sohasining 40 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir Turizm qoʻmitasi, Oʻzbekistonning Ostona shahridagi elchixonasi va Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi.

    Uchrashuv ishtirokchilariga Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlari va madaniy-tarixiy merosi haqida taqdimot oʻtkazildi. Shuningdek, Oqtoʻbe viloyati sayyohlik kompaniyalari vakillari Oʻzbekistonning sayyohlik markazlari, noyob yoʻnalishlari, transport-logistika imkoniyatlari hamda mamlakatdagi mashhur turizm turlari bilan yaqindan tanishib chiqdilar.

    Qozogʻistonlik turoperatorlar vakillari Qozogʻiston fuqarolarining Oʻzbekistonga sayyohlik safarlarini tashkil etishga katta qiziqish bildirdilar. Xususan, Qozogʻistonlik sayyohlar, ayniqsa, Oqtoʻbe viloyatidan tashrif buyurayotgan turistlar Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga, Chimyon togʻlari, Qizilqum choʻli va Orol dengizi boʻylab ekologik turizmga, shuningdek, gastronomik va tibbiy-sogʻlomlashtirish turizmiga qiziqish bildirayotgani taʼkidlandi.

    Uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekistonning butun Qozogʻistondan sayyohlarni jalb etish uchun oʻziga xos imkoniyatlarga ega ekanligini eʼtirof etdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.