Oʻquvchi yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi

    Ta'lim 16 Sentabr 2020 13433

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻquvchi-yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash tizimini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Hujjat loyihasiga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Oʻquvchi yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi.

    Xalq taʼlimi vazirligining markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni 7 shtat birligidan iborat boʻlgan Oʻquvchilarning kasbga layoqatini aniqlash va kasb-hunarga yoʻnaltirish boshqarmasi, hududiy boʻlinmalari tuzilmasida jami 70 ta shtat, jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasida 5 shtat birligidan iborat boʻlgan Kasb-hunarni rivojlantirish boʻlimlari tashkil etiladi.

    Markaziy apparati tuzilmasiga oʻquvchi-yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga yoʻnaltirish masalalari uchun masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosari lavozimi kiritiladi.

    Loyihada keltirilishicha, kasb-hunarga oʻrgatish kurslarini tamomlagan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarining kasb-hunar koʻnikmalarini baholash, tegishli sertifikat va rezidentlik maqomini berish boʻyicha masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Sertifikatsiyalash markazi tashkil etiladi.

    Internet tarmogʻi orqali xizmatlar koʻrsatish (ishlar bajarish) orqali oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar (frilanserlar) Markaz rezidenti maqomini olgan taqdirda mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi beriladi.

    Loyihaga koʻra, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarining attestatida ularning kasbiy layoqati qayd etiladi.