Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” hamda “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilmoqda.
Asosiy maqsad oʻquvchi yoshlarning taʼtil davridagi vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylari, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yoshlarni tarbiyalashdir.
Taʼkidlash kerakki, taʼtil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan oʻquvchi yoshlar oʻz hududlaridagi, Toshkent shahrining 400 nafar oʻquvchi yoshlari esa Samarqand viloyatidagi ziyoratgoh va qadamjolar, tarixiy va diqqatga sazovor joylarga sayohat qilishmoqda.
Xususan, bugun Surxondaryoda oʻquvchilar viloyat tarixi va madaniyati muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi, Termiz hayvonot bogʻi, “Al-Hakim at-Termiziy” va “Sulton Saodat” majmualari kabi diqqatga sazovor hamda ekoturizm hududlariga sayohat qilishmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa oʻquvchilar Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq sanʼat muzeyi bilan yaqindan tanishishdi. Buxoroda 500 nafarga yaqin oʻquvchilar qadimiy Ark qoʻrgʻoni va boshqa obyektlar, shuningdek, eski shaharning ertaknamo koʻchalari boʻylab sayohat qilishdi. Toshkent shahar yoshlari esa taʼtilni mazmunli oʻtkazish uchun Samarqandga yoʻl olishdi.