Bu haqda “Coconuts Bali” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Gubernator Viktor Layskodat boshchiligidagi provinsiya maʼmuriyati Kupang viloyati markazidagi davlat oʻrta maktablarida dars vaqtini ertalab soat 5:00 da boshlash majburiyatini olgan yangi taʼlim siyosatini amalga oshirdi. Unga koʻra, bu oʻquvchilarda kurashuvchanlik xarakterini shakllantiradi.
“Ular soat 22:00 da uxlab, ertalab soat 4:00 da uygʻonishlari mumkin. Olti soat uxlash kifoya. 30 daqiqa yuvinishga, maktabga kelishi uchun esa 30 daqiqa ajratiladi. Shu tariqa oʻquvchilar ertalab soat 5 da maktabda boʻlishlari mumkin. Buni amalga oshirishning asosiy sabablaridan biri oʻquvchilarimizni intizomli qilishdir”, deydi gubernator Viktor.
Provinsiyaning Ombudsman idorasi Viktorni siyosatni qayta koʻrib chiqishga chaqirdi, chunki darslar boshlanishini ertalabki 7:15 dan ertalabki 5:00 ga oʻtkazishdan hech kim naf koʻrmaydi.
“Men ushbu siyosat maktab qoʻmitalari va ota-onalar bilan yana muhokama qilinishini soʻrayman”, dedi Ombudsman rahbari Darius Beda Daton.