Qarorga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan bosqichma-bosqich oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 9–11-sinf oʻquvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba startap gʻoyalarni yaratishga oʻrgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
- oʻquvchilar oʻrtasida “Eng yaxshi startap gʻoyasi” tanlovi oʻtkaziladi, tuman darajasidagi gʻoliblarga 5 mln soʻmgacha, viloyat darajasida – 10 mln soʻmgacha miqdorda mukofot beriladi;
- loyihalar har chorakda oʻquvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;
- marketpleyslar bilan hamkorlik oʻrnatib, taʼlim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish yoʻlga qoʻyiladi.
2026-yil 1-apreldan muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
- davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar oʻz sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar boʻyicha:
- kraudsorsing elektron platformasida eʼlon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;
- har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) oʻtkazadi.