Bolalar ombudsmani tergovga qadar tekshiruv natijasini eʼlon qildi.

Unga koʻra, 2016-yilda tugʻilgan 2 nafar oʻquvchi kaftining ustki qismiga burama mix (samorez) bir necha marta sanchib kelingani, bolalarni qiynab, ularga tan jarohatlari yetkazgani aniqlangan.

Shu sabab 18-aprel kuni Sergeli tumani IIO TB tomonidan oʻqituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Qayd etilishicha, oʻqituvchi 2002-yilda tugʻilgan.

Tergov doirasida qoʻliga igna sanchilgani aytilgan 1-sinf oʻquvchilariga sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani mazkur ishda bola manfaatlari nuqtayi nazaridan oʻz kuzatuvini davom ettirishini maʼlum qildi.