O'quvchilarning ijodini targ'ib qilish uchun maxsus Telegram-kanali ishga tushdi

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish Agentligi ijod maktabi o'quvchilarining ijodini targ'ib qilish va keng jamoatchilikka tanishtirish uchun maxsus Telegram-kanalini ishga tushirdi.

    Bugungi kunda Respublikamizda atoqli shoir va adiblar nomi bilan faoliyat yuritayotgan to'qqizta ijod maktabi mavjud. Bular Namangan viloyatida Ishoqxon Ibrat, Jizzax viloyatida Hamid Olimjon va Zulfiya, Qoraqalpog'iston Respublikasida Ibroyim Yusupov, Qashqadaryo viloyatida Abdulla Oripov, Farg'ona viloyatida Erkin Vohidov, Andijon viloyatida Muhammad Yusuf, Xorazm viloyatida Muhammad Rizo Ogahiy, Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy, Sirdaryo viloyatida Halima Xudoyberdieva nomidagi ona tili va adabiyoti hamda chet tillarga ixtisoslashtirilgan maktab — internatlardir. Ayni paytda mazkur ijod maktablarida 1429 nafar adabiyot ixlosmandlari tahsil olmoqda.

    Ijod maktabi o'quvchilarining nazm, nasr va publisistika yo'nalishi bo'yicha eng sara ijod namunalari Agentlikning “Ijod bog'idan guldasta” nomli Telegram-kanalida (https://t.me/ijodmaktablari) e'lon qilinadi.
    Mazkur Telegram-kanal orqali o'quvchilarning ijod namunalari bilan muntazam tanishib borish imkoniyati yaratiladi.