Oʻquvchini kaltaklagan oʻqituvchi jazolandi

    Darsdan chiqarib yuborilgan oʻquvchi sinfga derazadan kirib, oʻqituvchini haqoratlagan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida oʻqituvchi darsda oʻzini tutolmagan oʻquvchini kaltaklagani aks etgan video tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi munosabat bildirdi.

    Maʼlum qilinishicha, ushbu voqea joriy yilning 16-dekabr kuni Samarqand shahridagi 21-umumtaʼlim maktabida geografiya darsida sodir boʻlgan.

    Holat yuzasidan maktabning navbatdan tashqari pedagoglar kengashi yigʻilishi oʻtkazilgan. Kengash bayonnomasiga koʻra, oʻqituvchi S.H. geografiya darsida toʻp oʻynab oʻtirgan oʻquvchi D.E.ni darsga xalaqit bermasligi yuzasidan bir necha bor ogohlantirgan va sinf xonasidan chiqarib yuborgan.

    Shundan soʻng, oʻquvchi sinfga derazadan kirib, oʻqituvchini haqorat qilgan. Ushbu holatdan keyin oʻqituvchi jahl ustida oʻquvchini kaltaklagan.

    Mazkur holat yuzasidan 21-umumtaʼlim maktabi geografiya fani oʻqituvchisi S.H.ga nisbatan hayfsan intizomiy chorasi qoʻllanilgan.

    Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi ishchi guruhi oʻqituvchi va oʻquvchining onasi bilan suhbatlashgan. Suhbat davomida oʻqituvchi bunday holat boshqa qaytarilmasligini, oʻz ishidan pushaymonligini bildirgan. Oʻquvchining onasi esa bolasining shoʻxligini taʼkidlab, hech kimga daʼvosi yoʻqligini aytgan.