O'quvchini maktabdan maktabga onlayn ko'chirish mumkin

    O'quv yili yakunlanmoqda. Yangi o'quv yilida farzandini boshqa maktabga ko'chirish istagida bo'lgan ota-onalar nimalarni bilishi kerak?

    — Yangi maktabga qanday hujjatlar taqdim etiladi?

    — Yilning istalgan vaqtida maktabni o'zgartirish mumkinmi?

    — Bitiruvchi sinf o'quvchilari ham ta'lim muassasasini o'zgartira oladimi?

    Yuz.uz tahririyati obunachilari shu kabi savollar yo'llagan. Quyida mavzu yuzasidan batafsil so'z yuritamiz.

    O'quvchini boshqa maktabga qaysi vaqtda o'tkazish mumkin?

    Ota-onalar o'z xohishiga ko'ra o'quv yili davomida yoki u tugaganidan so'ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o'tkazish huquqiga ega. Ota-onalar maktab direktori nomiga farzandini boshqa maktabga o'tkazilishini so'rab, sababini keltirgan holda ariza yozadi. Ariza bir ish kunida ko'rib chiqiladi va ketish taloni beriladi.

    Yangi maktabga qanday hujjatlar taqdim etiladi?

    Ota-onalar bolani qubul qiladigan maktab direktori nomiga ariza yozib, unga ketish talonini ilova qiladi va shu kunning o'zida kelish taloni beriladi.

    O'quvchi o'zi bilan qanday hujjatlarini olib ketishi kerak?

    Yangi maktabdan olgan kelish talonini oldingi maktabga taqdim etgan o'quvchi shu kunning o'zidayoq maktab o'quvchilari safidan chiqariladi. Ota-onaga o'quvchining maktab o'quvchilari safidan chiqarilganligi to'g'risidagi buyruqdan ko'chirma, o'quvchining baholar tabeli va o'quvchining tibbiy kartasi topshiriladi. Yana bir ma'lumot bitiruvchi sinf o'quvchilari ham o'qishni bir maktabdan boshqasiga ko'chirishi mumkin.

    Arizani onlayn to'ldirish imkoni bormi?

    Ha, albatta. My.gov.uz da joriy qilingan xizmatdan foydalanib, ota-onalar o'z farzandini yurtimizning istalgan hududidagi maktabdan Toshkent shahar hamda Qoraqalpog'iston respublikasi va viloyat markazidagi maktablarga onlayn ko'chirish imkoniyatiga ega.