Muammolardan biri – toʻkilgan xazonlarni utilizatsiya qilishdir. Qachondir ularni yoqib, havoni zaharlagan, keyin umumiy chiqindi toʻkish maydonlariga olib chiqishgan. Vaholanki, bu oʻgʻitlar olinishi uchun qimmatli xomashyodir. Poytaxtimizning Olmazor tuman obodonlashtirish boshqarmasi toʻkilgan barglarni maxsus kompost oʻrasida utilizatsiya qiladi – bu uzunligi 57 metr, eni – 17 metr va chuqurligi 5 metr boʻlgan ulkan oʻradir. Afsuski, barglar orasida fuqarolarimiz tomonidan piyodalar yoʻlaklari va yoʻl chekkalariga tashlangan begona chiqindilar bor boʻlib, oʻraning oʻzida barglardan plastik va qogʻozlarni olib tashlashga toʻgʻri keladi. Bu esa qayta ishlash jarayonini sezilarli darajada qiyinlashtiradi va sekinlashtiradi.
Boshqa ijobiy misol: “Maxsustrans” DUK organik chiqindilarni qayta ishlashni boshladi. Green International kompaniyasi bilan bu boʻyicha ishlanmoqda. Buning uchun Toshkent yaqinida yer maydoni ajratilgan. “Maxsustrans” bu yerga bozorlar, umumiy ovqatlanish maskanlari va boshqa obyektlardan toʻplangan, saralangan organik chiqindilarni keltiradi. Bu yerda chiqindilar yana bir bora saralanib, somon yoki barglar va goʻngga qoʻshiladi hamda nemis texnologiyasi boʻyicha egatlarga terilib, 6 hafta davomida quritiladi. Egatlar Germaniyadan maxsus keltirilgan kombayn yordamida muntazam ravishda aralashtiriladi. Olti haftadan keyin mukammal oʻgʻit tayyor boʻladi.
Bogʻbonlar va fermerlar oʻz xoʻjaliklaridan bunday tabiiy va ishonchli mahsulotdan foydalanishlari mumkin.
Toshkent shahari hokimligi matbuot xizmati.