Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi tashkil qilinadi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda oʻrmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 90-sonli Farmoni qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilayotgan daraxt va buta koʻchatlarining koʻkaruvchanligi, yashovchanligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshirish maqsadida:

    — davlat oʻrmon xoʻjaliklarida respublika hududlarining iqlim sharoitiga mos daraxt turlarining zamonaviy seleksiya usullaridan foydalanib, sifatli va kafolatlangan urugʻlarni yetishtirish hajmi 1,5 baravarga oshiriladi;

    — urugʻchilik laboratoriyalarida respublika hududlarining iqlim sharoitiga mos oʻsimlik turlaridan onalik plantatsiyalari tashkil qilinadi;

    — davlat oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan yetkazib berilayotgan koʻchatlar hajmi 2 baravarga oshiriladi.

    Shuningdek, 2025-yil 1-oktabrdan “Yashil makon” umummilliy loyihasida jamoatchilik ishtirokini oshirish, “Yashil makon” elektron platformasida ochiqlikni taʼminlash maqsadida:

    — aholi tashabbusi bilan daraxt ekish mumkin boʻlgan aniq hudud, suv taʼminoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyati va daraxtlar turlari koʻrsatiladi;

    — “Yashil makon” umummilliy loyihasiga davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan qilinadigan ishlarni jamoatchilikka “har bir tiyin sarflanishini kuzatish” tamoyili asosida onlayn yetkaziladi;

    — daraxt va butalarni kesich uchun ruxsatnoma berish yuzasidan murojaat qilgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumot, koʻchirilishi yoki kesilishi taklif etilayotgan daraxt va koʻchirish (kesish) sababi, aniq manzili, joylashuvi, foto va videotasvirlari aks ettiriladi;

    — oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yoʻq qilgan shaxslar tomonidan kompensatsiya sifatida ekilgan daraxt va buta koʻchatlari hisobini yuritish tizimi joriy qilinadi;

    — daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesgan jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu huquqbuzarliklar va ular yuzasidan koʻrilgan choralar boʻyicha “Yashil makon” elektron platformasiga doimiy ravishda maʼlumotlar kiritib boriladi.

    Qlaversa, “Mening bogʻim” loyihasi doirasida yashil bogʻlar barpo etishga kamida bir gektar, yashil jamoat parklari uchun yarim gektardan yer maydonlari ajratiladi.

    Farmonga koʻra, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi negizida Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi tashkil qilinadi. Agentlik “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, koʻchatchilikni rivojlantirish, daraxt va buta koʻchatlari pitomnigini koʻpaytirish boʻyicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

    Yangi tartibga koʻra, 2025-yil 1-noyabrdan oʻrmon fondi yer maydonlari alohida muhofaza etiladi va ularning toifasini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

    Bundan tashqari, 2025/2026-oʻquv yilidan boshlab Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) va unga biriktirilgan “yashil texnikumlarda”:

    — oʻquv jarayoni dual taʼlim tizimi asosida yoʻlga qoʻyiladi;

    — ilmiy-amaliy mashgʻulotlarni tashkil qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda botanika va dendrologiya bogʻlari barpo etiladi;

    — urugʻchilik, koʻchatchilik, iqlim oʻzgarishi sohalarida qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil qilib boriladi.

    Mazkur Farmon “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish, oʻrmonlar va yashil hududlar maydonini kengaytirish, ulardan samarali foydalanish va choʻllanishga qarshi kurashishni tizimli amalga oshirishga xizmat qiladi.