Oʻrmon xoʻjaligi tizimini rivojlantirish “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi

    Agrosektor 9 Oktabr 2020 3413

    2020-yil 6-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4850-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, 2020-2022-yillarda oʻrmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilarga quyidagi shartlarda ijara toʻlovining “nol” stavkasi qoʻllaniladi:

    - oʻrmon fondining oʻzlashtirilmagan yer uchastkalarida yangidan barpo etilgan va ijaraga berilgan yongʻoq mevali bogʻlar (pista, bodom, yongʻoq) va tez oʻsuvchi daraxtlar (pavloniya, terak) plantatsiyalari egallagan maydonlarga – 5 yil davomida;

    - oʻrmon fondining choʻl hududlarida joylashgan, suv bilan taʼminlanmagan va oʻrmon bilan qoplanmagan yerlari oʻzlashtirilib, choʻl oʻsimliklari (saksovul, cherkez, qandim, qoraburoq) plantatsiyalari barpo etilganda – 10 yil davomida;

    - oʻrmon fondining suv bilan taʼminlanmagan va oʻrmon bilan qoplanmagan yerlari oʻzlashtirilib, qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat ekinlari (dukkakli, moyli, boshoqli ekinlar, sabzavot, poliz) va dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari barpo etilganda – tegishlicha 1 yil va 3 yil davomida.

    2021-yil 1-yanvardan boshlab ijarachilar aholi bandligiga koʻmaklashish markazida roʻyxatdan oʻtgan ishsiz shaxslarni ishga qabul qilgan taqdirda, ularga ish haqi toʻlash xarajatlarini qoplash uchun – 6 oy davomida oʻrtacha ish haqining 50 foizi miqdorida, biroq har oy uchun BHMning 2 barobaridan oshmagan miqdorda subsidiya toʻlanadi.

    Qaror bilan Oʻzbekistonda oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni 2020-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Konsepsiyaga koʻra, 2030-yilga kelib:

    - oʻrmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga, shundan oʻrmon bilan qoplangan yerlarni 6 million gektarga;

    - urugʻ tayyorlash hajmini yiliga 840 tonnaga;

    - asalari oilalari sonini 300 mingtaga;

    - qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini yiliga 32 ming tonnaga;

    - dorivor oʻsimliklar yetishtirish hajmini yiliga 11,6 ming tonnaga yetkazish nazarda tutilgan.

    Shuningdek, qarorga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan oʻrmonchi” faxriy unvoni taʼsis etilishi belgilandi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.