“Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali oʻtkazildi

    Turizm 4 Oktabr 2023 1973

    Maʼlumki, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizmning bir qator yoʻnalishlari jadal rivojlanib kelyapti.

    Qoraqalpogʻistonning janubiy maskanlarida joylashgan qadimiy qalʼalar va Nukus shahridagi dunyoga mashhur I.V.Saviskiy davlat sanʼat muzeyi — tarixiy-madaniy turizm, Orol dengizi va Ustyurt platosi — Ekoturizm, mahalliy madaniyat va urf-odatlarni yorqin namoyon etuvchi Chimboylik hunarmandlar — Etnoturizmning asosiy yoʻnalishlari sanaladi.

    Mazkur turistik yoʻnalishlar qatorida Gastronomik turizm ham katta ahamiyatga ega boʻlib, qoraqalpoq xalqining anʼanaviy oshxonasi oʻziga xos tomonlari bilan ajralib turadi.

    Oʻzbekiston Respublikasining har bir viloyati oʻziga xos taomlariga ega boʻlganidek, Qoraqalpogʻistonning ham “Bes barmaq”, “Jugeri gurtik”, “Aqsaulaq”, “Turama”, “Mayek borek” va baliqdan tayyorlangan “Baliq qarma”, “Ilonbaliqdan kotletlar”, “Balыq sorpa” kabi taomlari oʻzining mazasi bilan har bir tashrif buyuruvchini bahramand qiladi.

    Qoraqalpogʻistonning gastronomik turizm salohiyatini keng targʻib qilish maqsadida Turizm va madaniy meros vazirligining tashabbusi bilan 2017-yildan buyon “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” xalqaro gastronomik festivali oʻtkazib kelinadi. Mazkur tadbir milliy baliq taomlarini targʻibot qilib qoʻymasdan, hududdagi boshqa turistik yoʻnalishlariga ham mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilib kelyapti.

    Keng qamrovli festival dastlab Qoraqalpogʻistonning oʻziga xos oʻlgan turistik maskani Moʻynoq tumanidan boshlangan va keyinchalik poytaxt Nukus shahrida ham oʻtkazilgan. Beshinchi marotaba tashkil etilayotgan bu yilgi festival joriy yil 29-30-sentyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir tumanida oʻtkazildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.