“Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” xalqaro gastronomik festivali oʻtkazildi

    Turizm 22 Aprel 2025 2732

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan “Orol turizmi” xalqaro haftaligi doirasida Nukus shahrida “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” xalqaro gastronomik festivali boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda mahalliy oshpazlarning baliq taomlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, oshpazlar oʻrtasida oʻzaro bellashuv boʻlib oʻtdi. Baliqdan tayyorlangan 100 ga yaqin taomlar festival ishtirokchilari va hakamlar eʼtiboriga havola etildi.

    Taomlar taqdimotidan tashqari mahalliy hunarmandlarning koʻrgazmalari ham namoyish etildi. Shuningdek, milliy estrada va folklor ijrochilari, milliy raqs ansambli tomonidan konsert dasturi va boshqa koʻngilochar tadbirlar tashkil etildi.

    Festival yakunida baliqlardan tayyorlangan, Orolboʻyida yashovchi aholi vakillariga xos taomlarni tayyorlashda oʻzaro bellashgan oshpazlar orasidan aniqlangan gʻolib va sovrindorlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.