Mezbon davlat Bosh vaziri oʻrinbosari Kanat Bozumbayev raisligida oʻtgan tadbirda respublika suv xoʻjaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, Oʻzbekiston Prezidenti maslahatchisi Shuhrat Gʻaniyev, Tojikiston Bosh vaziri oʻrinbosari Sulaymon Ziyozoda, Turkmaniston qishloq xoʻjaligi vaziri Choryor Chetiyev, Qirgʻiz Respublikasi Suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi suv xoʻjaligi xizmati direktori oʻrinbosari Abdiboy Jayloboyev ishtirok etdi.
Yigʻilishda xalqaro hamjamiyat bugun masʼullardan nafaqat deklaratsiyalar, balki aniq qarorlar ham kutayotgani taʼkidlandi. Zero, Orol taqdiri, transchegaraviy suvdan oqilona va adolatli foydalanish, tabiiy resurslarni asrab-avaylash kabi dolzarb masalalar endilikda mintaqa doirasidan chiqib, global ahamiyat kasb etmoqda.
- Bu barqaror rivojlanish, oziq-ovqat va energiya xavfsizligi, oʻn millionlab odamning turmush sifati bilan bogʻliq global ekologik kun tartibining bir qismidir, — deydi K,Bozumbayev. — Yaqinda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida rahbarlarimiz atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha ishonch, hamjihatlik va jamoaviy harakatlarni shakllantirish muhimligini taʼkidladilar. Qozogʻiston bunday yondashuvni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.
Tomonlar kelasi yil aprel oyida boʻlib oʻtadigan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining boʻlajak yigʻilishiga tayyorgarlik jarayonini ham tahlil qildilar. Bundan tashqari Orol dengizi havzasi mamlakatlariga koʻmaklashish boʻyicha Harakatlar dasturi va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish boʻyicha atrof-muhitni muhofaza qilish mintaqaviy dasturini amalga oshirish, shuningdek Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tashkiliy tuzilmasi va huquqiy asosini takomillashtirish boʻyicha Ishchi guruh faoliyatini baholash masalalari muhokama qilindi.
Ayni payt Orol dengizi havzasida 42 ta ekologik loyiha yoʻlga qoʻyilgan. Jahon banki koʻmagida ikkita mintaqaviy grant loyihasini ishga tushirish imkoniyati oʻrganilyapti.
Ishtirokchilar Jamgʻarma ijroiya qoʻmitasining «26-mart — Xalqaro Orol, Amudaryo va Sirdaryo boʻyi kuni« deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifini ham maʼqulladilar.
Muhokamalardan soʻng Boshqaruv kengashi qarorlari imzolandi.









