Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga koʻra, maslisda iqlim oʻzgarishining Oʻzbekistondagi oqibatlarini yumshatish boʻyicha qisqa va oʻrta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan vazifalar bajarilishi holati yuzasidan Oʻzgidromet xizmati markazi Bosh direktorining axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari global miqyosga ega boʻlib, bizning hududimizda ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Birgina Orol dengizi falokati natijasida Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi dunyo koʻrsatkichlaridan 2 barobar jadalroq kechmoqda. Bu daryolar suvini shakllantiruvchi muzliklarning tobora erib borishi, chang boʻronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy koʻrinishlarda namoyon boʻlmoqda.

Mamlakatimizda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Iqlim oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatuvchi yoqilgʻi-energetika, sanoat, qurilish tarmoqlaridan tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarni keskin kamaytirish maqsadida hozirgi paytda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha keng qamrovli Strategiya, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish dasturi hayotga tatbiq etilmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari, qurilish va energiya tejamkorligini oshirish yuzasidan qabul qilingan strategik dasturlar va ularning ijrosi Oʻzgidromet tomonidan hisob-kitoblar va tadqiqotlar asosida tahlil qilingan. Natijada Oʻzbekiston Iqlim boʻyicha Parij kelishuvi doirasida 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulotga nisbatan issiqxona gazlari ulushini 35% kamaytirishga erishiladi.

Shuningdek, Iqlim oʻzgarishining Oʻzbekistondagi oqibatlarini yumshatish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi kiritilgan 51 ta tadbirdan hozirda 16 tasi toʻliq bajarilgan. Qolgan vazifalar ijrosi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 700 gektardan ortiq maydonda niholxona va koʻchatxonalar tashkil etilgan. Chorvoq suv ombori yuqori qismida 66 gektar maydonda yongʻoq va bodom daraxtlaridan oʻrmonzorlar barpo etilgan. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yerlarida shamol va suv eroziyasidan himoya qilish uchun 500 gektarda ixota daraxtzorlari tashkil etilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qiymati 993 mln soʻmlik loyiha, shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida tuproq shoʻrlanishi va iqlim oʻzgarishiga qarshi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda Orolboʻyi mintaqasi shoʻrlangan yerlarida ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan 664,2 mln soʻmlik 2 ta startap loyiha moliyalashtirilgan.

Yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi issiqxona gazlari ajratmalarini kamaytirish boʻyicha olib borilgan tahlillar natijasida respublikada yiliga qariyb 1,0 mln tonna tashlanmalar turgʻun manbalardan tashlanishi, shundan, 21,3 foizi energetika sohasi hissasiga toʻgʻri kelishi aniqlangan.

Bundan tashqari, sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-yilda Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan. Qoraqalpogʻistonda 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishi boshlangan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda vazirliklar va idoralar tomonidan qisqa va oʻrta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan ayrim tadbirlarning bajarilishida sustkashliklarga yoʻl qoʻyilganligi qayd etildi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi 2022-2030-yillarga moʻljallangan uzoq muddatli harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish hamda yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi issiqxona gazlar ajratmalarini kamaytirish imkoniyatlarini oʻrganish borasidagi ishlar ham oxiriga yetkazilmagan.

Shuningdek, iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurilishda texnik normativlarni qayta koʻrib chiqish “Yangi qurilish qoidalari”ni tasdiqlash tadbiri yakunlanmagan.

Senatorlar tomonidan oʻz vaqtida bajarilmagan vazifalarni oxiriga yetkazish va boshqa masalalar yuzasidan masʼullarga topshiriq, tegishli taklif va tavsiyalar berildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi shamol atlasi”ni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi quyosh atlasi”ni ishlab chiqish shular jumlasidandir.

Majlisda muhokama etilgan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.