Konferentsiyada davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar vakillari  ishtirok etdi. Orol dengizi inqirozi oqibatlari Orolbo'yi mintaqasida yashayotgan millionlab odamlarning hayot faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatib kelmoqda. Ma'lumki, keyingi 55 yilda Orol dengizining qurigan tubida 5,2 million gektar maydonda Orolqum deb nomlangan yangi cho'l paydo bo'ldi. Dunyoning boshqa har qanday cho'llarida bo'lgani kabi Orolqumda ham insonlarning to'kis hayot kechirishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, bioxilmaxillik va ekotizimni qo'llab-quvvatlash uchun zarur bo'lgan infratuzilma va ijtimoiy shart-sharoitlar etarli emas. SHu bois ham 2021-yil 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

Mazkur rezolyutsiyaga asosan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar, shuningdek yashil iqtisodiyot va mahsulotlardan ko'p marta foydalanadigan iqtisodiyot tamoyillari asosida Orolbo'yi hududini ekologik va inson inqirozi bilan bog'liq hududdan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish bo'yicha strategik yo'nalishlar hamda ustuvor loyihalar yo'nalishlari belgilandi.

“Orolbo'yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mauzusida tashkil etilgan mazkur xalqaro konferentsiya  davomida asosiy muhokamalar dunyo tajribasidan kelib chiqib Orolbo'yi mintaqasida innovatsiyalar va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, cho'llanishning oldini olish va ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan bo'ladi.

Hozirda  BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslaridan kelib chiqib O'zbekistonda bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. SHu jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi hamkorligida BMT Taraqqiyot Dasturi, Evropa Ittifoqi, UNISEF, Islom taraqqiyot banki, ICBA xalqaro markazi bilan yaqin aloqalar yo'lga qo'yildi. Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Tunis, Shveytsariya va Kanadalik olimlar bilan birgalikda Orolbo'yining sho'rlangan va qurg'oqchil erlarida ilmiy hamkorlik ishlari yo'lga qo'yildi.

Orolbo'yida ICBA xalqaro markazidan keltirilgan 18 ta o'simliklarni va mahalliy yovvoyi o'simliklar florasi vakillarini madaniylashtirish bo'yicha sinovdan o'tkazish bo'yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Orol dengizining qurigan tubidan 10 xildan ortiq tuproq tiplari asosida ilmiy lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi. “Oroldagi mening bog'im” (My garden in the Aral Sea) agro-ekoturizm loyihasi ishlab chiqildi va xozirgi kunda ko'rgazma uchastkalarida 5126 dan ortiq dekorativ xamda cho'lga chidamli daraxtlar ekilgan.

Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar ko'magida Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazida bir qator loyihalar amalga oishirilmoqda. Jumladan, O'zbekistondagi YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda ImkonLab dasturi doirasida Qoraqalpog'istonda Mo'ynoq, Bo'zatov, Qo'ng'irot, Nukus tumanlari yoshlarining startap loyihalariga yordam ko'rsatildi. Tunisning Chahbani Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi innovatsion tuproq ostidan sug'orish irrigatsiya tizimini joriy etilmoqda. Xitoy Fanlar Akademiyasiga qarashli Sin`tszyan  ekologiya va geografiya instituti  bilan hamkorlikda suvni tejash texnologiyasi asosida makkajo'xori va paxtaning hosildorligini ko'paytirish tajribalari o'tkazilmoqda (ushbu loyihalar doirasida jami 211 ming doll. jalb qilindi).

Xalqaro konferentsiyada YAponiya davlati bilan SATREPS dasturi doirasida ilmiy-tajriba ishlarining rasmiy boshlanishi va Germaniya davlati bilan CLIENT III dasturi doirasida yangi qo'shma tanlov o'tkazishga poydevor qo'yilib, hamkorlik ishlariga kirishilmoqda.

Xalqaro konferentsiya yakunlari bo'yicha Orolbo'yi mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga hamda innovatsion rivojlanishning zaruriy infratuzilmasini shakllantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlariga katta ahamiyat qaratilib, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish tashabbusi dunyo hamjamiyatiga taqdim etiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati axborot xizmati.