Orolboʻyi mintaqasi dunyo hamjamiyati nigohida

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyun 2021 1088

    Nukus shahrida Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni hamda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilinishi munosabati bilan “Rivojlanayotgan Orolboʻyi mintaqasi dunyo hamjamiyati nigohida” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Mazkur xalqaro tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati vakolatxonasi va boshqa xalqaro hamda milliy tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

    Qayd etilganidek, bugungi kunga kelib, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda boʻlish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, global ekologik inqirozga yoʻl qoʻymaslik insoniyat oldidagi turgan dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Ushbu global vazifani bajarish esa, hamjihatlikni talab etadi.

    Joriy yil 18-mayda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullangani Oʻzbekiston Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish va mavjud xavf-xatarlarning oldini olish borasida muhim tadbirlarni amalga oshirayotgani va bu borada toʻgʻri yoʻldan borayotganini anglatadi.

    Taʼkidlanganidek, mazkur rezolyutsiya asosida Orol dengizining qurigan tubida oʻrmon melioratsiyasi usullarini barqaror qoʻllash yoʻli bilan choʻllanishning oldini olish, bu boradagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa tadbirlar amalga oshiriladi. Hududda yashayotgan aholida tushkunlik kayfiyati yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik, ularga munosib hayot kechirishi, oʻz biznesini rivojlantirishi, yangi ish oʻrinlari hamda daromad manbalari bilan taʼminlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

    Shuningdek, Orolboʻyi hududi ekologik fojianing markaziga aylanib, mavjud ahvolni yaxshilash uchun mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tuzildi. Orol dengizini saqlab qolish borasida mamlakatimizda misli koʻrilmagan tajribalar qoʻllanilib, dengiz oʻrnidagi sahroni oʻrmonga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayapti. Xususan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari qabul qilinib, “yashil qoplamalar” barpo etishning huquqiy asosi yaratilgan.

    Qabul qilingan qarorlar doirasida 2018-2020-yillarda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 1,2 million gektar maydonda oʻrmon-meliorativ tadbirlari amalga oshirildi. “Yashil qoplamalar” barpo etishda texnika, aviatsiya, kichik aviatsiyadan foydalanilib, innovatsion usullar qoʻllanildi. Ushbu oʻrmon-meliorativ tadbirlari uchun oʻrmon xoʻjaliklari ishchilari va aholi tomonidan 4,3 ming tonna choʻl oʻsimliklari boʻlgan saksovul, qoraburoq, qandim, cherkez va choʻl yaylov oʻsimliklari urugʻlari jamgʻarildi. Shuningdek, 1 000 ta texnika va mexanizm, 6 dona samolyot va 2 dona deltaplan jalb etildi.

    Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan Orolboʻyi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, jamoatchilik eʼtiborini ekologik muammolar yechimiga qaratish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston velosport Federatsiyasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni oʻtkazildi.

    Ushbu ekologik xayriya velomarafonidan tushgan mablagʻlar Moʻynoq tumanidagi Aliovul qishlogʻini obod qilish, hududda kichik biznes va tadbirkorlik sohalarini rivojlantirish, sugʻorish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmogʻini tortish, ish oʻrinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etish boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

    Konferensiyada kun tartibidagi masalalar yuzasidan taqdimotlar ham boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.