Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, respublika vazirlik va idoralaridan vakillar ishtirok etdilar.

Seminarda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) va Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan mazkur strategiya bo‘yicha berilgan taklif va e'tirozlar muhokama qilindi. Hozirda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining rivojlanish strategiyasining 3-bosqich ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tadbirda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot ham berildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida 2019-yil 5-aprelda imzolangan Texnik yordam to‘g‘risidagi UZB 1024–sonli shartnomaga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi va «KPMG Audit» MChJ Auditorlik kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi faoliyatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha 2020-yil 1-mayda S-UZA-20-00043–sonli shartnoma tuzilgan edi.

Mazkur olib borilayotgan ishlarning asosiy maqsadi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi faoliyati rivojlantirish bilan bog‘liq huquqiy-normativ hujjatlarni ishlab chiqish, Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yumshatishda innovatsion yondashuvlarni joriy etishdir. Shuningdek ushbu markaz faoliyatini jahon miqyosida tutgan o‘rnini kengaytirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish hamda dunyoning rivojlangan ilmiy tadqiqot va moliya institutlari bilan olib boriladigan ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdan iborat, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.