Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Alisher Maksudov hamda Global yashil oʻsish instituti (The Global Green Growth Institute — GGGI) direktori Frank Raysberman oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar COVID-19 pandemiyasidan keyingi Oʻzbekistonning yashil tiklanishi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanishga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish, shuningdek, mazkur sohalarda aniq natijalarga erishish uchun Yashil iqlim jamgʻarmasi va boshqa xalqaro moliyaviy muassasalar mablagʻlarini birgalikda jalb etish masalalarini muhokama qilishdi.

Muloqot davomida Global yashil oʻsish instituti direktori Frank Raysberman pandemiyadan soʻng yashil tiklanish va rivojlanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, Oʻzbekiston Respublikasida tabiatni muhofaza qilishga oid loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Uchrashuv soʻnggida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Global yashil oʻsish instituti oʻrtasida yashil oʻsish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ayni paytda Davlat ekologiya qoʻmitasi hamda Global yashil oʻsish instituti Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Orolboʻyi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishni rejalashtirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 5,65 mln. AQSH dollariga teng.

Mazkur loyiha Xalqaro hamkorlik boʻyicha Koreya agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning maqsadi – Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasining yashil reabilitatsiyasiga koʻmaklashish, shuningdek, barqaror hayotiy taʼminot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilashdir. Bundan tashqari, yaqin kunlarda yuqorida bayon etilgan institutning Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan vakolatxonasi ochilishi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun, Global yashil oʻsish instituti (The Global Green Growth Institute — GGGI) xalqaro hukumatlararo tashkilot boʻlib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012 yil 20 iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish boʻyicha konferensiyasi doirasida taʼsis etilgan.

Tashkilotning maqsadi – iqlim oʻzgarishi sharoitlarida taraqqiy etgan hamda bozor iqtisodiyotini tanlagan mamlakatlarda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻli orqali barqaror iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish hisoblanadi.

Hozirgi kunda institut dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida 54 ta loyihani amalga oshirib kelmoqda. Institut prezidenti va Kengash raisi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi.