Orolboʻyida yerlarning unumdorligini oshirish va zamonaviy iqlim oʻzgarishlarini kuzatish markazi tashkil etiladi

    Yashil sayyora 28 Iyun 2020 2400

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Tottori universiteti professori Kristina Toderich hamkorligida “SATREPS – 2020” (Yaponiya) tanloviga taqdim etilgan loyiha moliyalashtirishga tasdiqlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi manbasida keltirilishicha, ushbu loyiha Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) tomonidan tanlab olingan 10 ta xalqaro loyihadan eng yaxshi loyiha deb topilgan.

    «Orolbo‘yi mintaqasida tuproqning sho‘rlanishiga qarshi kurash, yerning unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish» mavzusidagi ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan Kioto universiteti professori Kenji Tanaka va doktor Temur Xo‘janazarov hamda Yaponiyaning yetakchi 8 ta universiteti olimlari hamkorligida ishlab chiqilgan.

    Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining ushbu loyihasi yuqori baholandi.

    Ta’kidlash joiz, SATREPS dasturi O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda birinchi marta amalga oshiriladi. Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi ishtirokidagi loyiha birinchi marta mazkur dasturda tanlab olindi, natijada O‘zbekiston “SATREPS” dasturi uchun tanlab olingan 51 davlat ro‘yxatiga kirdi.

    Ushbu loyihada Orolbo‘yi mintaqasida yerlarning unumdorligini oshirish va zamonaviy iqlim o‘zgarishlarini kuzatish markazini tashkil etish, meteorologik monitoringlar olib borish, shuningdek sho‘rlangan sharoitda qishloq xo‘jaligiga yangi yapon texnologiyalarini joriy etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

    Loyiha kuchli sho‘rlangan sharoitda, ayniqsa Amudaryo deltasida O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan talablarni hisobga olgan holda meteorologik kuzatuvlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri prognozlashning yangi tizimini yaratishga, shuningdek, ekinlarni diversifikatsiya qilish va almashlab ekishning eng yaxshi mahalliy va yapon texnologiyalarini kengaytirishga, qo‘shilgan qiymatni baholash va tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlari marketingini olib borishga yo‘naltirilgan. Loyihani amalga oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqlim o‘zgarishiga moslashish va oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish sifatini barqaror rivojlantirishga qaratiladi.