Jumladan, Nukus shahrida boshlangan tadbirning ilk kunida Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari murojaatchilarning arizayu shikoyatlaridagi masalalarga yechim izladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida aynan sud-huquq tizimiga oid murojaatlarni koʻrib chiqish uchun alohida muloqot maydoni tashkil qilinayotgani bejiz emas. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil va joriy yilning oʻtgan davrida Prezident virtual qabulxonasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq qabulxonalariga Orolboʻyi aholisidan 54 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 51 ming 210 dan ortigʻi koʻrib chiqilgan. Murojaatlarning 27,7 mingdan ziyodida koʻtarilgan masalaga yechim topilgan, qolgan murojaatlar boʻyicha tushuntirish berilgan.

Mazkur murojaatlarning salmoqli qismi esa sud, prokuratura va ichki ishlar tizimlariga daxldor. Shu davrda sud tizimi boʻyicha kelib tushgan 1,8 mingdan ziyod murojaatning 556 tasi, prokuratura faoliyatiga oid 2 ming 635 ta murojaatning 1 ming 143 tasi, ichki ishlar tizimida koʻrib chiqilgan qariyb 2 ming 950 ta murojaatning 1,8 mingtasi qanoatlantirilgan boʻlsa-da, mazkur murojaatlar tahlili bu borada Orolboʻyi hududida qator muammolar borligini koʻrsatdi.

Mazkur ommaviy qabullar esa sud-huquq masalasida yechim izlab yurgan yuzlab fuqarolarga oʻz muammosi yuzasidan rahbarlar bilan yuzma-yuz gaplashib olish uchun nihoyatda muhim platforma boʻlishi ilk kungi muloqotlarda yana bir bor oʻz isbotini topdi. Har bir soha boʻyicha masalalar alohida shoʻbalarda shu tizimlarning Qoraqalpogʻistondagi hududiy rahbarlari bilan birga koʻrib chiqilgani esa murojaatchilaru masʼullar uchun ham har bir masalani chuqur oʻrganish, muammolarga optimal yechim topish imkonini berdi.
Nukuslik Gulsanam Burkutova 2019-yilda fuqarolik ishlari boʻyicha Nukus tumanlararo sudiga nohaq ishdan boʻshatilganini aytib, ishga tiklash masalasida daʼvo arizasi bergan. Sud qarorida uning ishdan toʻgʻri va qonuniy boʻshatilgani isbotlanib, arizasi rad etilgan. Keyingi instansiyada ham sud qarori oʻz kuchida qoldirilgan. Ishsiz qolgan ayol bu galgi ommaviy qabulda Sudyalar oliy kengashidan sud qarorini qayta koʻrib chiqishni soʻradi. Masʼullar esa murojaatchiga sud toʻgʻri qaror qabul qilganini, yana necha marta murojaat qilsa ham birinchi instansiya sudi qarori oʻzgarmasligini aytish barobarida, boshqa soha rahbarlari bilan birga kengashib, uni doimiy ish bilan taʼminlash masalasini ham hal qildi. Gulsanam Burkutova shu kunning oʻzida “Hududgaz Qoraqalpogʻiston” gaz taʼminoti filialiga nazoratchi vazifasiga ishga qabul qilindi.
– 2018-yili avtohalokat tufayli ikkinchi guruh nogironi boʻlib qoldim, – deydi nukuslik Roza Qaipnazarova. – Toshkent shahriga borib oyogʻimni jarrohlik amaliyoti bilan davolatish uchun ancha mablagʻ zarur boʻldi. Oʻtgan yili ommaviy qabulda murojaatim asosida menga mahalliy byudjetdan yetarli mablagʻ ajratib berildi. Mana, oʻtgan 5-6 oyda hayotimda yangi sahifa boshlandi. Oliy maʼlumotli huquqshunos boʻlganim uchun bu galgi qabulda Bosh prokuratura rahbarlaridan oʻzimga doimiy ish topishimda yordam soʻragan edim. Murojaatim ijobiy hal etilib, ishga yoʻllanma berdi.

Pozilbek Abdujaliyevning Nukus shahridagi 2 sotixdagi 6 xonali hovlisi 2016-yili buzilishga tushgan. Biroq buning evaziga ularga yer ham ajratilmagan, kompensatsiya ham toʻlanmagan. Murojaatchining aytishicha, buzilgan uy-joy uchun kompensatsiya toʻlashi shart boʻlgan qurilish korxonasi vakili uni aldab, uch farzandi va nogironligi bor ayoli bilan koʻchada qoldirgan.
Bosh prokuratura masʼullari shu masalada sarson boʻlib yurgan bu oilaning murojaatini oʻz nazoratiga oldi. Buzilgan uyning aniq bahosini chiqarish, mulkdor va qurilish korxonasi oʻrtasidagi kelishmovchilikka huquqiy baho berish, aybdorlarni aniqlash uchun tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish, murojaatchi aytayotgan firibgarlik holatini aniqlash va adolatni qaror toptirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasiga aniq muddatli qatʼiy topshiriq berildi.