11-noyabrdan Qoraqalpogʻistonda maktab oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash boshlanadi

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul tayyor oziq-ovqatlar bilan taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

    Vazirlik bayonotiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-avgustdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 472-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Kengashining qarori qabul qilindi.

    2022/2023 oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 716 ta taʼlim muassasalarida 143 577 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari keytering tashkilotlari tomonidan bepul oziq-ovqat bilan taʼminlanishi belgilangan.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida mavjud 716 ta umumtaʼlim maktablari hududlar kesimida 64 ta lotlarga joylashtirildi.

    Umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul keytering usulida ovqatlantirish maqsadida, keytering tashkilotini tanlab olish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq xarid qilish tartib-taomillari asosida tanlov oʻtkazish uchun ommaviy axborot vositalari orqali eʼlonlar berildi.

    Platformaga joylashtirilgan 64 ta lotlardan 41 ta lot 11 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan yutib olinib shartnomalar rasmiylashtirildi, hozirda 716 ta umumtaʼlim maktablaridan 481 ta maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilari bepul ovqat bilan taʼminlanmoqda.

    22 ta lotda baholash ishlari tugatilib, bayonnomalar rasmiylashtirilib, 24-oktyabr kunidan boshlab nonushta tarqatilishi rejalashtirilgan edi. Lekin, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining taqdimnomasiga asos Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi”gi Nizomning buzilishi boʻyicha oʻtkazilgan 22 ta lot tanlovi ishchi guruh komissiyasi tomonidan bekor qilindi va bundan tashqari, tadbirkorlik subyekti tomonidan 1 ta lot bekor qilinib, jami 23 ta lot tanlov (tender)ga qayta joylashtirildi.

    Joriy yil 11-noyabr kuni oʻqish boshlanishi bilan barcha maktablarning boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul tayyor oziq-ovqatlar bilan taʼminlash rejalashtirilgan.